Sug‘orishda yangi bosqich: Suv sarfi nazoratda

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida suv resurslarini tejash, sug‘orish samaradorligini oshirish va ekin maydonlarini iqlimga mos ravishda maqbullashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.

Bu jarayonda O‘zbekiston Fermerlari kengashi suvdan foydalanishdagi muammo va kamchiliklarni aniq ma’lumotlar asosida tahlil qilib, fermerlarga tegishli xulosa va tavsiyalarni yetkazib bormoqda.

Prezidentning 2022 yil 1 martdagi qaroriga asosan tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulida sug‘orish tizimlariga hamda yerni lazerli tekislash ishlariga subsidiyalar ajratish belgilangan. Paxta, sabzavot, kartoshka, poliz, ozuqabop, moyli, dukkakli, dorivor va mevali ekinlar uchun gektar hisobida 1,3 milliondan 8 million so‘mgacha subsidiyalar, shuningdek paxta va g‘alla maydonlariga o‘rnatilgan suv tejovchi uskunalar uchun 5 yil muddatga 25 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilishi belgilab qo‘yilgan.

Suv hisoblagichlar o‘rnatgan fermerlarga suv solig‘idan 30–50 foizlik imtiyoz, 2026 yildan boshlab esa ozuqabop va moyli ekinlar yetishtiruvchi sub’yektlarga nasos agregatlarining elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizini davlat byudjeti hisobidan qoplash mexanizmi joriy qilinmoqda.

Mamlakatda sug‘orish tarmoqlarining yarmi betonlanmagani sabab katta miqdorda suv yo‘qolishi kuzatilmoqda. Shuning uchun fermerlar tomonidan ichki sug‘orish tarmoqlarini har yili kuz-qish mavsumida ta’mirlash va betonlash ishlarini samarali tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Sug‘oriladigan maydonlarning 60 foiziga 1680 dan ziyod nasos stansiyasi va 4 mingdan ortiq quduq orqali suv yetkazib berilishi hamda sohadagi xarajatlarning 63 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri kelishi suvning katta mablag‘ va mehnat evaziga kelib tushishini ko‘rsatadi. Shu vaziyatda suvni ko‘llatib sug‘orish, suvni zovurlarga oqizib yuborish kabi isrofgarchilik holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi zarur.

Suv tejovchi texnologiyalar fermerlar orasida keng ommalashib, tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret usulida sug‘orish orqali fermerlar suvni tejab, hosildorlikni oshirmoqda. Viloyat Fermerlar kengashi har 5 gektarga bir suvchi biriktirish, hosil maydonlarini ko‘llatmasdan oqilona sug‘orishni ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Jumladan, viloyatda qishloq xo‘jaligi uchun yillik 3,5 milliard metr kub suv sarflanishi inobatga olinsa, “suv – tekin emas” degan g‘oyani fermerlar ongiga yetkazish va 2025–2026 yillarda 2400 kilometr, jumladan 2025 yilda 1164 kilometr ichki sug‘orish kanallarini betonlashtirish vazifasini bajarish muhimdir.

Tomchilatib sug‘orish usuli esa suvni dala emas, balki o‘simlikka aniq yetkazib berishni ta’minlab, mablag‘ tejash va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Shu bois fermerlar suvdan samarali foydalanish, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni joriy etish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikda boshqalarga namuna bo‘lishi lozim.

Otabek Xolmatov,

Samarqand viloyat Fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va ko‘p tarmoqli faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i.