Suv tejovchi texnologiyalar: Ertangi muammoning bugungi yechimi

Zarafshon daryosi viloyatning yagona suv manbai hisoblanadi va 340 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydonlari aynan shu daryodan keladigan suvga bevosita bog‘liq. Daryodan keladigan suv sarfining ko‘p yillik ko‘rsatkichlarini tahlil qilganimizda suv miqdori har yili 7-10 foizga kamayib borayotganligi kuzatildi.

Viloyatdagi eng yirik Kattaqo‘rg‘on va Oqdaryo suv omborlari ham Zarafshon daryosidan to‘ldiriladi. Agarda daryodan keladigan suv keskin kamayib ketadigan bo‘lsa, ushbu suv omborlariga ham suv jamg‘arish imkoniyati bo‘lmaydi va  ularning qurish xavfi yuzaga keladi.

Suv tanqisligining oldini olish uchun mavjud resurslardan oqilona foydalanish, hozirdan suvning har tomchisini tejash barchamizning eng asosiy vazifamiz ekanligini anglashimiz zarur.

Mavjud suv resurslarining qariyb 70 foizi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilishiga sarflanishini inobatga olib, hozirdan barcha sug‘orish ishlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish lozim. Misol uchun, ekinlarni yomg‘irlatib, tomchilatib, diskret (pulsar) sug‘orish tizimi, egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish va yer maydonlarida lazer tekislash ishlarini olib borish zarur.

Viloyatimizda 2017-2023 yillarda jami 164,6 ming gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Shundan 56,5 ming gektar maydonda tomchilatib, 2,8 ming gektar maydonda yomg‘irlatib, 141 gektar maydonda diskret, 42,3 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimi, 14 ming gektarda egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimi hamda 48,7 ming gektar maydonni lazer uskunasi orqali tekislash ishlari amalga oshirildi. Bu orqali yiliga o‘rtacha 150-170 million metr kub suv iqtisod qilinishiga erishilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi.

Qarorga asosan, “Agrobank” ATB tomonidan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha shaffof onlayn kredit ajratish imkonini beruvchi “suvkredit.uz” elektron tizimi ishlab chiqilib, 2024 yil 1 fevraldan ishga tushbrildi. Ushbu platforma orqali 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14 foiz miqdorida onlayn kreditlar ajratilmoqda.

Davlat rahbarining ushbu qarori asosida fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar oldida turgan bir qator muammolarga yechim topildi. Jumladan, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit foizi miqdori 2 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizga tushbrildi. Fermer xo‘jaliklari tomonidan kredit olish jarayonida garov ta’minoti majburiyati bekor qilindi.

Shuningdek, ushbu qaror bilan qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 so‘m etib belgilandi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori asosida fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga katta imtiyozlar berilishi hisobiga 2024 yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar yilning ikkinchi choragida to‘liq bajarilishiga erishildi.

Joriy yilda 10,1 ming gektar maydonda tomchilatib, 3,2 ming gektar maydonda yomg‘irlatib, 3,2 gektar maydona diskret, 8,3 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimi va egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimi joriy etilgan bo‘lsa, 23,1 ming gektar maydonni lazer uskunasi orqali tekislash ishlari amalga oshirildi.

Bu orqali o‘rtacha 61 million metr kub suv tejalishiga va iqtisod qilingan suv hisobiga 18 ming gektar maydondagi takroriy ekinlarni suv bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.

Ushbu ko‘rsatkichni o‘tgan yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, joriy yil birinchi choragining o‘zida 2023 yilga nisbatan 40 foiz o‘sganligini ko‘rishimiz mumkin.

Bundan tashqari, Prezidentimizning yuqoridagi qaroriga asosan 2025 yildan:

- suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent;

- suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda yoki sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsiyent;

- baliqchilik uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsiyent;

- suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinmagan hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv solig‘i stavkasiga 1,5 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Ya’ni, bu suv tejovchi texnologiyalarni joriy yetmagan iste’molchilar 1 kub metr suv uchun 150 so‘m soliq to‘lashiga to‘g‘ri keladi, degani. Shu bilan bir qatorda suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga davlatimiz tomonidan bir qator imtiyozlar qo‘llaniladi.

Jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiyalar texnologiyaning sifat ko‘rsatkichidan kelib chiqqan holda, tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarga subsidiya mablag‘lari ajratiladi. Bunda ular besh yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, suv hisoblagich qo‘yilganda suv solig‘idan 30 foiz imtiyoz beriladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlari jadallashtirilmasdan, ekin maydonlarini sug‘orishda an’anaviy usuldan foydalanish ishlari davom etadigan bo‘lsa, kelajak avlod suv tanqisligidan aziyat chekishi muqarrar.

Shuhrat YuSUPOV,

viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.