Suv tejamkor texnologiyalar joriy etilayotgani fermerlarga qanchalik foyda keltiryapti?
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilsa, davlat byudjetidan subsidiya mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Bu imkoniyat tufayli viloyatda suv tejamkor texnologiyalarni joriy etayotgan tadbirkor va fermerlar soni ortyapti.
Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda 285 ta qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari 9 ming 504 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalarni joriy etgani uchun 76 mlrd. 64 mln. 350 ming so‘m subsidiya mablag‘lari olgan.
Shundan, 221 ta talabgorlar tomonidan 5 ming 384 gektar yerda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgani uchun davlat byudjetidan 43 mlrd. 479 mln. 136 ming so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish yuzasidan 2022 yilga mo‘ljallangan loyihalar ham bor. Xususan, bu yil viloyat bo‘yicha 27 ming 900 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shundan, 19 ming 543 gektari paxta maydonlarida tejamkor texnologiyalar joriy etiladi.
Jumladan, Past Darg‘om tumanida 4 ming 200 gektar, Payariqda 4 ming gektar, Kattaqo‘rg‘on tumanida 2 ming 400 gektar, Paxtachi tumanida 2 ming 343 gektar, Oqdaryo va Ishtixon tumanlarida 2 ming 200 gektar paxta maydonida suv tejamkor texnologiyalar ishga tushiriladi.
Bugungi kunda “Agroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan har bir loyiha yuzasidan buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar, ularning harakat rejasi, suv tejovchi texnologiyalar uchun keltiriladigan asbob-uskuna va boshqa tashkiliy-texnik masalalarni hal etish yuzasidan nazorat o‘rnatilgan.
Suv tejovchi uskunalar joriy etish har gektar yer hisobiga suvni 40-45 foizga tejash imkonini berishi bilan birga, hosildorlikni 15-20 sentnerga oshiradi. Buni viloyatdagi ko‘plab klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari amalda sinab ko‘rishdi.
Jumladan, Ishtixon tumanidagi “Maroqand Sifat Texstil” MChJ klaster korxonasi bir necha yildan beri paxta yetishtirishda suv tejovchi uskunalardan foydalanib keladi.
- Innovatsion texnologiyalar amaliyotga tatbiq etilganidan so‘ng bir vaqtlar 15-20 sentnerdan paxta xom ashyosi yetishtirilgan hududlardan, birgina 2021 yilning o‘zida 45-50 sentner paxta xom ashyosi yig‘ishtirib olindi, -deydi inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Avaz Ochilov. - Har gektar yerdan odatiy usulda sug‘orishga nisbatan 40-45 foiz suvni tejashga erishildi. Suv tejamkor uskunalarning yana bir afzalligi shundaki, g‘o‘zaga agrotexnika qoidalariga asosan ishlov berish, kultivatsiya qilish keskin kamayadi. Mineral va mahalliy o‘g‘itlar aynan o‘simlik ildiziga yuborilishi, hosildorlikning oshishiga xizmat qiladi.
Tomchilatib sug‘orish har jihatdan foydali va samarali ekanligi amalda o‘z isbotini topmoqda. Shunday ekan, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilsa, suv resurslari va xarajatlarni tejash barobarida, ko‘proq daromad olishga zamin hozirlangan bo‘lardi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.