2022 yilda Samarqandda 11 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi
2021 yilda respublikamizda 490,1 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Shunday texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlar respublikamiz bo‘yicha sug‘oriladigan yerlarning 20 foizini qamrab olgan.
Viloyatimizda ham suv taqchilligini kamaytirish uchun suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suvni boshqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror ijrosini ta’minlash uchun 2022 yilda 11 ming 87 gektar maydonda zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar joriy etildi. Shundan, 4 ming 66 gektar paxta, 3 673 gektar bog‘, 2 909 gektar tok, 439 gektar boshqa qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish, 911 gektar g‘alla maydonlari va 233 gektar boshqa qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatildi.
- 2022 yilda suv to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini ta’minlash, suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga qat’iy rioya etilishi yuzasidan “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 2369 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi, - deydi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Husniddin Saidahmedov. - O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1404 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, qonunbuzilishlar bo‘yicha tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbarlariga ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan 836 ta yozma ko‘rsatma, 44 ta taqdimnoma kiritildi. Shu bilan birga, suvdan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida joylarda 792 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. Aniq ko‘rsatma va amaliy choralar ko‘rib borilishi natijasida 630 holatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvning isrof bo‘lishi, 162 holatda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini an’anaviy sug‘orishga yo‘l qo‘yilishining oldi olinishiga erishildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.