Oddiy sug‘orilganda har gektar yerdan 24-25 sentnerdan, suv tejovchi texnologiya joriy etilgach, 35-40 sentnerdan hosil olingan
Viloyat Matbuot uyida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Sodiq Hakimov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida agrar tadbirkorlik va agroklasterlarda amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilda ko‘zda tutilgan rejalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Viloyatda jami qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qariyb 80 foizi 10 ta paxta-to‘qimachilik, 15 ta g‘allachilik, 15 ta meva-sabzavotchilik, 5 ta kartoshkachilik, 1 ta dorivor o‘simlik agroklasterlar tomonidan yetishtirilmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan 244 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilib, har gektardan o‘rtacha 32,4 sentnerni tashkil etdi. Jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlarida 88,4 ming tonna tola, 45 ming tonna ip-kalava, 36,8 ming tonna mato, 25,8 ming tonna bo‘yash ishlari, 18,8 ming tonna tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari hamda 23,1 ming tonna chigit qayta ishlangan.
Joriy yil hosili uchun fermer xo‘jaliklari tomonidan 94,1 ming gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilib, 669 ming tonna hosil olish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
- Klaster va fermer xo‘jaliklariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilganlik uchun subsidiya ajratish ham ko‘zda tutilgan, - deydi Sodiq Hakimov jurnalistlarga. – O‘tgan yili fermer xo‘jaliklariga qarashli 9,5 ming gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Sarflangan harajatlarni bir qismini qoplash uchun 80,3 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanida 17,6 milliard so‘m, Bulung‘urda 8,4 milliard so‘m, Narpayda 6,4 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari berildi. Oddiy usulda har bir gektardan 24-25 sentnerdan paxta hosili olingan bo‘lsa, suv tejovchi texnologiyasi joriy etilgach hosil 35-40 sentnerga yetkazilib, 1,5 trillion so‘mga yaqin daromad olindi.
2022 yilda 24 ming gektar maydon tomchilatib, 3500 gektar g‘alla maydonlari yomg‘irlatib sug‘oriladi. Buning uchun 487,5 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Ushbu mablag‘larni bir qismi qoplangach, subsidiya ajratib beriladi. Ularning 50 foizi 2022 yilda, qolgan 50 foizi kelgusi yilda to‘lab beriladi.
Dilmurod To‘xtayev.