Ish bilan ta’minlash ko‘zbo‘yamachilik emas!

Joriy yilning 20 iyun kuni 08:00 da Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasida kasb-hunar kolleji bitiruvchilari, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan hamda boshqa ishsiz fuqarolar uchun maxsus bo‘sh va kvota ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilishi haqidagi xabarnomani olib, aytilgan joyga bordim.

Aytilgan manzilga yaqinlashguncha u yerda hech kim ko‘rinmayotgani uchun balki manzildan adashdimmi, deb qayta xabarnomaga qaradim, to‘g‘ri kelyapman. Qayd etilgan vaqt o‘tib borayotgan bir paytda bir necha shahar bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari huquq-tartibot organlari xodimi bilan birgalikda u yerga fuqarolar tomonidan qo‘yib ketilgan avtomobillarni oldirish bilan band bo‘ldi. Qayerdandir stol-stullarni olib kelib, atrofda “sochilib” yurgan ish beruvchi korxona va tashkilotlar xodimlarini joy-joyiga o‘tqizguncha soat millari 9:30 dan ham o‘tdi. Endi fuqarolardan darak yo‘q, men esa keyingi tadbirga shoshyapman. Bir vaqt bir guruh oq-qora formadagi yigirmatacha qizni o‘qituvchisi boshlab kelib, ularga hech qayerga ketib qolmaslikni, shu atrofni aylanib yurishni qattiq tayinladi. “Aylanishga chiqqanlardan” bir nechasini suhbatga tortdim:

— Qayerda o‘qiysizlar?

— “Dashkolniy”dan, — javob berdi ulardan biri. — Bu yerda nima bo‘lyapti o‘zi? Soat 11:00 da “GOST”imiz bor, hammamizni yig‘ib, majburlab shu yerga olib kelishdi, - dedi ensasi qotib.

— Bitiruvchi bo‘lsangizlar kerak, bu yerda mehnat yarmarkasi bo‘lyapti, ko‘ringlar, ma’qul ish topsalaringiz ishga qabul qilishlari mumkin, — dedim. So‘zlarimga battar ensasi qotgan qizlar nari ketdi.

Atrofdan aqalli biror kishining ish beruvchi bilan kelishib, ishli bo‘lishini poyladim. Hech bo‘lmasa, bitta intervyu olaman, dedim-da. Xayoli-dardi imtihonda bo‘lib turgan haligi qizlar esa bu dahmazaning qachon tugashiyu ortga qaytishni o‘ylab, atrofda izg‘irdi. Ushbu holatlarni kuzatib, mehnat yarmarkasidan ko‘zlangan muddaoning bajarilayotganini ko‘rmadim va qariyb, ikki yarim soat vaqtim, “kechikmayin”, deb yo‘nalishsiz taksida “uchib” kelganimga afsuslanib, navbatdagi tadbirga yo‘l oldim. Har ehtimolga qarshi, ketishimdan oldin, shahar bandlikka ko‘maklashish markazi mas’ul xodimlariga telefon raqamlarimni qoldirib, ma’lumotini yetkazishini so‘radim. Ammo bunday bo‘lmadi. Shu kuni soat 16:00 atrofida bizga yuborilgan xatning ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan markaz xodimi Yu. Annaqulovga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumotni so‘raganimda bir soatda tayyor bo‘lishini aytdi. Buni qarangki, soatlar soatlarga ulandi, ma’lumotni ushbu maqolani qoralagunimcha kutdim...

Abduhoshim ZIYoDOV,

“Samarqand” muxbiri.