Isroil va Turkiya Suriya bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarda. Shimoliy Koreyada birinchi kompyuter klubi. JSST: Insoniyat yangi pandemiyaga duch keladi - bu COVIDdan ham xavfli bo‘ladi

🔹 AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etish qaroridan so‘ng, Bryussel 15 apreldan boshlab AQShdan keladigan tovarlarga birinchi javob bojlarini joriy qilishni rejalashtirmoqda. 70 ga yaqin davlat import bojlarini muhokama qilish uchun Vashington bilan bog‘langan.
🔹 Turkiya va Isroil “tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik” va kuchlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida Suriyadagi chegara chizig‘i bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qayd etilishicha, muzokaralar yahudiy davlati Anqara o‘z qo‘shinlarini joylashtirishni rejalashtirgan Xomsdagi T4 bazasiga aviazarba berganidan keyin boshlangan. “Isroil va Turkiya rasmiylari o‘sha kuni bir xil bayonotlar berib, Suriyada bir-birlari bilan ziddiyatga intilmayotganliklarini aytishdi. Shuningdek, Turkiya Suriyada, jumladan Isroilning ham havo hujumini oldini olish uchun havo mudofaa tizimlarini joylamoqchi.
🔹 Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning 10 dan ortiq askari Harbiy demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tishga uringanini aytdi. Ularga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzilgan.
🔹 Hutiy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Abd al-Nosir al-Kamoliy AQSh harbiylari tomonidan berilgan zarbada halok bo‘ldi.
🔹 Shimoliy Koreya birinchi kompyuter klubini ochishga tayyor. Mamlakat rahbari Kim Chen In binoni ko‘zdan kechirdi. «Endi shimoliy koreyalik xakerlar o‘z yetakchilari uchun “g‘arbiy kapitalistlar”dan milliardlab dollarni bemalol o‘g‘irlashi mumkin», kinoya qiladi Nexta Live.
🔹 Janubiy Koreyada navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari rasman 3 iyunga belgilandi.
🔹 Trampning siyosati Ilon Maskning hamyoniga zarba berdi. Milliarder boyligi 300 milliard dollardan tushdi. So‘nggi bir necha kun ichida Tesla aksiyalari 50 foizdan ko‘proq arzonlashgan. Mask Trampdan joriy etilayotgan qo‘shimcha import tariflarini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Ammo uning iltimosi inobatga olinmagan.
🔹 Xitoy Janubiy Xitoy dengizida yirik neft va gaz konining topilganini e’lon qildi.
🔹 Apple tariflar joriy etilishidan oldin uch kun ichida beshta samolyotda Hindistondan AQShga iPhone va boshqa qurilmalar “tashidi”. Endi zaxiralar kompaniyani tariflardan vaqtincha “himoya qiladi”.
🔹 Insoniyat yangi pandemiyaga duch keladi - bu COVIDdan ham xavfli bo‘ladi. JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus tahdid yaqin ekanini aytdi. Keyingi apokalipsis qachon boshlanadi? 20 yil yoki undan ko‘proq, balki ertaga. Lekin bu, albatta, muqarrar. JSST rahbarining ishonchi komilki, COVIDning boshqa varianti tahdidi, bundan xavfli yangi patogen tahdidi saqlanib qolmoqda.
G.Xoldorova tayyorladi.