Isroilda muddatidan oldin parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Bugun bo‘layotgan saylovning asosiy mazmuni - korrupsiyada ayblangan amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyaxu hukumatda qolish yoki qolmasligi. Saylov oldidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovnomalar ikkita asosiy blok o‘rtasida keskin kurashni bashorat qilmoqda: biri Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlasa, boshqasi - markazchi Yair Lapid boshchiligidagi unga qarshilarni.

Agar saylovlarda Netanyaxuning "Likud" partiyasi g‘alaba qozonsa, unga Knessetda ko‘pchilik ovozni olish uchun ittifoqchilar kerak bo‘ladi.

"So‘nggi ikki yil ichida birinchi marta Isroilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda an’anaviy o‘ng partiyalar Netanyaxuga qarshi kampaniya olib borishdi. O‘tgan saylovlardan farq ham ana shunda. Shuning uchun mabodo Netanyaxuga koalitsiya yaratishga to‘g‘ri kelsa, bu ultra o‘ng partiyalar bilan ish tutishga to‘g‘ri kelishini anglatadi. Faqat ulargina uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lishadi", deydi Ibroniy universiteti siyosiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Gayil Talshir.

Ma’lumki, Isroilda katta yoshdagilarning 70 foizidan ortig‘i allaqachon koronavirusga qarshi emlandi. Yuqtirish soni kamaymoqda. Bosh vazir kreslosida qolishga umid qilgan Netanyaxu aynan aholini emlash bo‘yicha muvaffaqiyatli kampaniyaga tayanmoqda.

O‘tgan shanba kuni esa Netanyaxu muxoliflari uning ishidan noroziligini bildirishdi. Bosh vazir muxoliflari pandemiya paytida 6 mingdan ortiq isroilliklar COVID-19 dan vafot etganligini, iqtisodiyot esa qayta-qayta lokdaunlardan katta zarar ko‘rganini ta’kidlashdi.

Pandemiya ovoz berish jarayoniga ham tuzatishlar kiritdi. Karantinda saylovchilar o‘z burchini poliklinika, chodir yoki avtobuslarda tashkil etilgan alohida uchastkalarda bajarishi mumkin.

Tahlilchilar esa Isroil ovoz berish natijalarini sarhisob qilgandan so‘ng, uzoq vaqt davomida koalitsiya muzokaralariga yoki qisqa vaqt ichida misli ko‘rilmagan beshinchi saylovlarga duch kelishiga amin.

G.Xoldorova tayyorladi.