Ixtirom uchun 30 million so‘m kredit so‘rayapman, yordam beradigan mutasaddi yo‘q
Ko‘p yillardan buyon payvandlovchi mexanik yo‘nalishida ish yuritaman. Keyingi yigirma yil mobaynida Rossiyada, Qozog‘istonda shu soha bo‘yicha ishladim, tajriba orttirdim. Qirq yoshdan oshdim, boshqa joylarga borib ishlashga yuragim betlamay qoldi. Endi o‘z yurtimda mehnat qilib, chetda o‘rgangan malakamdan foydalangan holda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchiman. Ya’ni, qo‘lbola beton aralashtirgich (betonomeshalka) mashina yasashga qaror qildim.
Ushbu mashinani yasashga hozirgacha 50 million so‘m pulim ketdi. Yetmagan joyiga bankdan imtiyozli kredit olish maqsadida o‘tgan yili tuman hokimining mahallamizdagi yordamchisi, hokim o‘rinbosariga murojaat qildim. Ular imtiyozli kredit chiqarib berishini va hujjatlarni to‘g‘rilashimni aytishdi. Aytgan qog‘ozlarini tayyorlab olib bordim, ammo tasdiqdan o‘tkazishmadi, xullsa va’dasida turishmadi.
Tuman mutasaddilariga yarim yildan oshdiki, “Atigi 30 million so‘m kredit bersalaring, ushbu loyiham amalga oshsa, 5 kishini ish bilan ta’minlayman, davlatga soliq to‘layman”, deya javrashlarim kor qilmayapti. Nima qilishimni bilmayapman, maslahat bering!
Otabek TURSUNOV,
Ishtixon tumani Xalqobod mahallasi, Boday qishlog‘i.