Jahongir Bulbulo‘g‘li (Vladimir Solovyov) sindromi
XIX asarda Chor Rossiyasini bizning hududlarni bosib olishga undagan va bu haqda tinmay tashviqot olib borgan F.Dostoyevskiy shunday yozadi: “bizni g‘arbliklar odam o‘rnida ko‘rmaydilar, bizni doim pastga urishadi. Biz baribir ularning oldida “zoti past o‘ris, ikkinchi toifa odam” bo‘lib qolaveramiz. Lekin, O‘rta osiyoliklar bizni madaniyatli deb o‘ylashadi va ularning biz haqimizda deyarli tushunchasi yo‘q. Biz u yerni bosib olsak, ularning oldida oliy toifali, madaniyatli odam bo‘lib ko‘rinamiz, shuning uchun ham u yerni bosib olishimiz kerak. Bizning pandavaqi generallarimiz nima qilyapti hayronman, men generallarimizni O‘rta Osiyoga hujum qilish uchun chaqiraman. Biz yevropaliklar uchun madaniyatsiz bo‘lib, sharmanda bo‘lgandan ko‘ra, O‘rta Osiyoda madaniyatli odam sifatida ko‘ringanimiz yaxshi”.
F.Dostoyevskiyini ayblab yurardim, keyin bu fikrimdan voz kechganman. Sababi juda oddiy – o‘zimizni urib ketganidan. F.Dostoyevskiy bir daho va geosiyosiy o‘yinlarni tafakkur ko‘zi bilan ko‘ra olgan. Shuning uchun ham tafakkur odamlarining kasalligi bo‘lgan “men” emas “biz” ko‘zi bilan qaragan dunyoga. Rossiya uning dardi va kelajagi bo‘lgan. Biroq shuncha fidoyiligiga qaramasdan, yaxshilik ko‘rmagan va tizim uni hayotligidayoq xor qilgan. Aybni o‘zimizdan ko‘rishim, bizda uning bu yozganlari haqida o‘sha paytda muhokama qila oladigan qobiliyat, tafakkur va tushuncha ham bo‘lmaganligidir. Albatta, tamoman no‘noq bo‘lganmiz deya olmayman, biroq tafakkur qilgan va buni tilga chiqarib gapirganlar yo otilgan, yo qamalgan, yo yo‘q qilingan.
Tushunchalar torligi, dunyo ishlaridan bexabarligimiz, o‘z botqog‘imizda botib qolganimiz bizni baribir qullik zanjiriga soldi. Boshqacha bo‘lishi mumkin edimi o‘zi? Bu savol ochiq savol, istagancha chaynang, istagancha yulqilab torting, na yuta olasiz, na uzasiz. Deyarli, 200 yillik kolonial o‘tmishimiz bor. Zehn va salohiyat ham shunga yarasha – qullik zanjirining uzunligidan kalta bo‘lsa, kaltaki, aslo uzun emas. Qullik tafakkuri shunchalikki, hatto eng yaqinlaringizdan ham “o‘sha paytda gugurt bir tiyin bo‘lgan” falsafasini kunda-kunora eshitasiz.
* * *
Nimalarnidir o‘zgartirishga harakat qilyapmiz, eng kamida xalqaro siyosat, muhit va geosiyosat haqida gapiryapmiz. Harholda, Bulbulo‘g‘lining (gap ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan V.Solovyovning Markaziy Osiyo bilan bog‘liq iddaolari haqida) bizga nisbatan aytgan gaplarini ochiq muhokama qila olyapmiz. Biroq bu yetarlimi?
Mendan so‘rasangiz, aslo. Kamchiliklarimiz yetarli. Biroq shimolning bizga bo‘layotgan bunday poxoldo‘qlarini, kamsitish siyosatiga jim turish siyosatini ham oqlab bo‘lmaydi.
SSSR degan qullik zanjiridan ozod bo‘lgan hududlar orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan birga, boshqa qo‘shni davlatlar o‘z yo‘liga ega bo‘layotgani, endi bu hududlar global dunyoda katta ahamiyat kasb etayotgani, kelajagi haqiqatda yuksak taraqqiyot va marralar uchun ochilib borayotgani, agar shunday mantiqli siyosat davom etsa, nojo‘ya siyosati uchun dunyodan uzib tashlanayotgan va oxir-oqibat parchalanishga mahkum bo‘lgan Rossiyani chindan qo‘rqita boshladi va bu unga kamsitilish, tashlandiqlik hissini beryapti. Shuning uchun tuturiqsiz bayonotlar bilan o‘zining borligini his qildirish va tahdid yo‘lidan foydalanish bir chora sifatida ko‘rilmoqda.
Gapni uzaytirishimizdan foyda yo‘q, menimcha, aksar aholimiz gap nimada ekanligini allaqachon anglab ulgurdi. Bizdan talab qilinadigani, vaqt yo‘qotmaslik va XIX asrda qilingan xatoga yana tushib qolmasligimizdir. Zero, bugun dunyoning istalgan burchagida nima bo‘layotganini soniyalar ichida bilib oladigan davrda yashayapmiz. Bu esa bizga berilgan katta ne’matdir. Harakatlarimiz ham shunga yarasha bo‘lishi lozim. Tashqaridagi “dushman” aniq, bizni ichkarimizdan o‘ymoqchi bo‘lganlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Fazliddin Madiyev.