Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining ajralib turadigan jihatlari nimada?
Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari - Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Tayvan, Janubiy Koreya, jami 11 davlat. Ularning ajralib turadigan asosiy jihati shundaki, bozor mexanizmi ruli “qattiq siyosiy qo‘llar”da, ya’ni davlatning qo‘lida. Shu jihatdan olganda, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan jadal iqtisodiy islohotlar negizida ham davlatning bosh islohotchilik siyosati yotibdi.
Tahlilimizni Malayziya davlatidan boshlaymiz. 1981-2003 yillarda Malayziyaning Bosh vaziri lavozimida ishlagan Maxatxir Muhammad qoloq agrar iqtisodiyotli mamlakatni “Osiyo yo‘lbarslari” darajasiga yetkazgan kuchli arbob edi. U g‘arbiy qadriyatlarga zid o‘laroq, “osiyocha qadriyatlar”ning tashviqotchisi, xalqaro qo‘shilmaslik harakatining rahbari bo‘ldi. “Kishilarning farovonligi hukumatning tashabbuskorligiga bog‘liq. Davlat tarafidan kichik biznesga yaratilgan yengilliklar tufayli Malayziyada mahalliy va xorijiy investorlar o‘zlarini qayta ishlash sanoatini barpo etishdi”, degan edi u.
M.Muhammadning fikricha, davlat rahbari modernizatsiyalashda yetakchi rolni o‘ynaydi, uning mamlakat taraqqiyotini belgilashdagi qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lider bu ishga jon-jahdi bilan berilishi, milliy taraqqiyot yo‘lini hayotga tatbiq etishga shaxsan rahbarlik qilishi, boshqaruvda, siyosatda, moliya va savdo sohalarida yuqori malakaga ega bo‘lishi kerak. Sobiq Bosh vazir Xitoy tajribasini yaxshi tahlil qiladi. “Mao ajoyib harbiy qo‘mondon edi. Biroq mamlakatni boshqarish urush olib borishdan farq qiladi. U olg‘a surgan kommunistik mafkura taraqqiyotga yo‘naltirilgan emas edi. Natija shu bo‘ldiki, Xitoy rivojlanishda ortda qola boshladi. Maoning vorisi Den Syaopin butunlay boshqa odam edi. U Xitoyni rivojlantirishga intilar, “hamonki, mushuk sichqonlarni ovlar ekan, uning qora yoki oqligi muhim emas”, deb hisoblar edi.
Bizga ma’lumki, “Osiyo fenomeni”, jumladan, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida ham diniy e’tiqod, milliy urf-odatlar va an’analar yetakchilik qiladi. Xorijlik ekspertlarning ta’kidicha, “davlat – jamiyat – inson” konstruksiyasida “osiyocha konsepsiya” G‘arb mamlakatlari tushunchasiga unchalik mos tushmaydi. Masalan, osiyoliklar “inson huquqlari - bu jamoaviylik”, deb biladi va jamiyat manfaatlari himoyasini ustun qo‘yadi. Jamoaviylik jadal iqtisodiy rivojlanishga erishish, jinoyatchilik va ishsizlikni past darajada ushlab turish imkonini beradi. Janubi-sharqiy Osiyo xalqlarining muvaffaqiyati tarixiy-madaniy, tarixiy-etnologik tajribasi, bilim, yozuv va an’analarni to‘liq saqlab qolganligi bilan belgilanadi. Qizig‘i shundaki, Osiyo davlatlari islohotlari ilk bosqichlarida iqtisodiy-ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda avtoritar boshqaruv kuchlilik qiladi.
Xo‘sh, “Osiyo qadriyatlari” nimalardan iborat? Uning G‘arb qadriyatlaridan farqi nimada? Uzoq yillik tahlilimizga ko‘ra, quyidagi omillar ustunlik qiladi: jamiyat va davlat huquqlari inson huquqidan ustuvorlik qiladi, oila mustahkam bo‘lishini xohlashadi, hukumat jamiyatga axloqiy qoidalarni joriy etishga imkon beradi, barcha sohada erkinlik tantana qilishi “g‘oya”si yoqmaydi, ota-onalar farzandlariga qattiqqo‘l bo‘lishadi, kapitalizmning talabi, shart-sharoitiga tez moslashadi, hukumatdan ijtimoiy yordamni kutmaydi, ta’limni yuksak qadrlaydi.
Jumladan, O‘zbekistonda ham oila, jamiyat manfaatlari birinchi o‘rinda turadi. Xususan, koronavirus kasalligini birgalikda yengishda, tabiiy ofatlarni bartaraf etishda butun xalqimiz yurtboshimiz atrofida bir jonu bir tan bo‘lib harakat qiladi.
Umuman olganda, 1990 yillardan boshlab jahon miqyosida iqtisodiy sakrashni amalga oshirib, G‘arb mamlakatlarini lol qoldirgan rivojlanish ildizida, albatta, davlatning bosh islohotchilik g‘oyasi yotadi, deyish mumkin.
Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur taraqqiyot modelining samaradorligi sabablari: birinchidan, davlat iqtisodiyot sohalariga doimo rahnamolik qilishi; ikkinchidan, ustuvor tarmoqlarga yuksak texnika, texnologiyalarni qo‘llash uchun imtiyozli kredit, soliq preferensiyalari berilishi; uchinchidan, mintaqadagi hukumatlar importga to‘siq qo‘yilib, proteksionizmni qo‘llashida namoyon bo‘ladi. Ochig‘i, Yevropa va Osiyo davlatlarining rivojlanish yo‘llarida ozgina farq mavjud. G‘arbda makro-daraja (moliya, pul tizimi, tashqi savdo), Sharq davlatlarida mikro-daraja (narxlar va korxonalarni isloh qilish, nodavlat sektorini qo‘llash, kichik biznesni rivojlantirish) mexanizmiga ko‘proq tayanishadi.
O‘zbekiston milliy taraqqiyot yo‘lining samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda yuqorida tilga olingan davlatlarning boy tajribasi juda asqotadi, deb hisoblaymiz. Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari iqtisodiy yutuqlari tag-zaminida milliy ruhiyat va ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilishi yotadi. Masalan, Malayziya hukumati qoshidagi Milliy komitetga yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning halokatli ta’siridan himoya etish chora-tadbirlarini amalga oshirish yuklatilgan. “Yapon ruhiyati va g‘arb texnologiyasi” shiori tarixda o‘zini oqlab, yaponlarni peshqadam davlatlar qatoriga qo‘shdi. Singapurda pora olishdan bosh tortgan chinovniklarga mukofotlar tarqatiladi.
Yaqinda matbuotda chop etilgan Singapurda Li Kuan Yu iqtisodiy modernizatsiyasiga doir o‘zbek olimining ajoyib maqolasida bu haqida e’tiborga molik ma’lumotlar keltirilgan. Yaponiyada davlat sektori xodimlarining vijdonliligi baholab borilishi mexanizmi ham o‘rganishga loyiq hodisa. Yana aytadigan bo‘lsak, “Konfutsiycha kapitalizm”, “Suxartocha siyosat, Maxatxira (ruxu nigara) g‘oyalari mazmun-mohiyati, Malayziyaga xos bo‘lgan “intellektual miya hujumi” – insonning ichki quvvatini ochib beradigan tadqiqotlar ham navbat kutib yotibdi.
Baxtiyor OMONOV,
siyosiy fanlar doktori.