Jarqo‘rg‘onda sudyalarning omma oldida obro‘sizlantirilishi holati senatorlik nazoratiga olindi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalarning omma oldida obro‘sizlantirilganligi, sud xodimining esa do‘pposlanganligi holati Senatning Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan senatori tomonidan mutasaddilar ishtirokida o‘rganildi.
Ma’lumki, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 9 iyuldagi qarorida harakatlanish uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan xizmat avtotransport vositalari ro‘yxati bayon etilgan edi. Ushbu ro‘yxatga sud tizimi ham kiritilgan.
Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudining raisi Ya.Bekkamov hamda haydovchi R.Rahimnazarov shu sudga biriktirilgan xizmat avtotransport vositasida, Jarqo‘rg‘on tumani ma’muriy sudining raisi X.Rahimova hamda haydovchisi shu sudga biriktirilgan xizmat avtotransport vositasida tuman sudi binosi tomon harakatlanib kelayotganida, tuman markaziga kiraverishda blok postda to‘xtatilgan va postdan o‘tkazilmagan.
Shu vaqtda postda bo‘lgan tuman hokimi Z.Davlatov boshchiligidagi ishchi guruh postdan o‘tish uchun navbat kutib turgan tirband fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan. Ularga qo‘pollik qilib, avtomashina kalitini olib qo‘yib, sud xodimini vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qamab qo‘ygan.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha sud xodimlariga qasddan yengil tan jarohati yetkazish, sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirish, sudyaning xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzish va boshqa holatlarga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Mazkur holatga qonuniy baho berilishi senatorlik nazoratiga olindi.
Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.