Muammolar nizolar bilan emas, ishonch va yaqin hamkorlik orqali hal etiladi

Kecha Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini tingladik. Televideniye kanallari orqali parlament a’zolari, olim va mutaxassislarning dastlabki taassurotlari va fikrlarini ham eshitdik. O‘ylashimcha, bu nutq haqida unda ilgari surilgan keng ma’noli fikrlar va xalqaro muammolarni hamjihatlikda hal etishga qaratilgan yangi tashabbuslar haqida har birimizning o‘z xulosalarimiz, munosabatimiz bo‘lishi kerak.

Nutq matnini qayta o‘qib, dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalar, turli davlatlar o‘rtasida munosabatlar sovuqlashayotgani, nizoli vaziyatlarda bir-biriga yon bergisi kelmayotgan holatlar ko‘z oldimdan o‘tdi. “Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi”. Nutqda keltirilgan mana shu fikr zamirida chuqur ma’no, o‘ziga xos da’vat bor.

Prezidentimiz muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlikni mustahkamlashga faoliyati davomida qat’iy amal qilib kelyapti. Natijada qo‘shni davlatlar bilan aloqalar keyingi yillarda misli ko‘rilmagan darajada kengaydi. Markaziy Osiyo hududida yangicha muhit yuzaga kelmoqda. O‘ylab qarasak, bu hudud dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida joylashgan. Bu hududda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik muhiti barqaror bo‘lishi juda muhim. Ayni jarayonda Prezidentimizning o‘rni va faoliyati alohida ahamiyatga ega. Yetuk siyosatchilar shu haqda bildirayotgan fikrlar bejiz emas.

Iqtisodiy, siyosiy aloqalarda barqarorlik bo‘lmasa, ijtimoiy muammolar ko‘paya boshlaydi. Ayrim masalalarning hal etilishi kechikishi natijasida ular kattalashib boraveradi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlatlar va hukumatlar o‘rtasida teng huquqli, har tomonlama foydali hamkorlik aloqalari mustahkam bo‘lishi lozim. Bu borada hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish eng asosiy masaladir. Nutqda har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish fikri hamda shunga mos aniq tashabbus ilgari surildi. Bu BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro Kodeksni ishlab chiqish taklifidir.

Butun insoniyat uchun sinovga aylangan pandemiya davrida davlatlar o‘rtasida ishonchga, bir-birini qo‘llab-quvvatlashga asoslangan hamkorlik ulkan zarurat ekani ayon bo‘ldi. Pandemiya oqibatida kutilmagan vaziyat yuzaga kelishi dunyo iqtisodiyotiga qattiq zarba bermoqda. Bundan eng avval ehtiyojmand, kam daromadli qatlam aziyat chekyapti, jamiyatlarda kambag‘al qatlam ko‘paymoqda. Bu esa nafaqat bir davlat miqyosidagi barqarorlikka, balki xalqaro barqarorlikka tahdidga aylanmoqda.

Shu ma’noda kambag‘allikka qarshi kurashish global vazifaga aylanmoqda. Davlatlar va iqtisodiyotlar o‘rtasida faol munosabatlar o‘rnatilmasa, bir davlat doirasida kambag‘allikka qarshi samarali kurashish qiyin kechadi. Chunki bugun iqtisodiyotlar bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan, ular o‘zaro ayri holatda barqaror rivojlana olmaydi.

Mamlakatimizda pandemiya sababli kambag‘allik, ishsizlik xavfi kuchayishi oldindan hisobga olinib, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. To‘g‘ri, hali muammolar oz emas, joylarda kamchiliklar ham ko‘zga tashlanmoqda. Lekin muhimi shundaki, qiyin vaziyatda muhtoj qatlamga birinchi navbatda zarur bo‘lib turgan yordam, qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatilmoqda, bu borada katta tajriba to‘planmoqda. Davlatning barcha taalluqli tuzilmalari bu jarayonga jalb etilgan, sa’y-harakatlar yagona maqsad uchun safarbar etilmoqda. Hali oldinda vazifalarimiz ko‘p.

Prezidentimizning kambag‘allikka qarshi kurash BMTning navbatdagi Assambleyasida asosiy mavzulardan biriga aylanishi kerakligi haqidagi taklifi o‘ta muhim va o‘tkir masalani hal etishda davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarishga, murakkab muammo bo‘yicha yangi yechimlar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.

Sherbek BO‘RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.