Jet Li: «Shaolin ustasi»dan «Mulan»gacha bo‘lgan olis yo‘l

Xitoylik kinoaktyorlar o‘ynagan filmlar har doim ham kinomuxlislar tomonidan sevib tomosha qilinadi. Bryus Li, Jeki Chan, Donni Yen kabi mahoratli sportchi va taniqli aktyorlar orasida Jet Li ijro etgan xalq qahramonlari, imperatorlar, qo‘rqmas, epchil sharq yakkakurash ustalari rollari jahon kinoolamida o‘ziga xos o‘rin egallagan.

Asl ismi Li Lyansze bo‘lgan sharq yakkakurashlari ustasi 1963 yil 26 aprelda Xitoy poytaxti Pekin shahrida dunyoga kelgan. Oilada beshinchi farzand bo‘lgan Jet Li otasidan ayrilganida endigina ikki yoshda bo‘lgan. Sakkiz yoshida maktabning birinchi sinfiga borgan.

Sakkiz yoshli «o‘qituvchi»

U sinfdoshlariga nisbatan yoshi kattaroq bo‘lgani sababli o‘qituvchilarga jismoniy tarbiya darsini o‘tishda yordam bergan. Ba’zida o‘qituvchilar darsga kelmay qolganlarida qahramonimiz dasrni davom ettirib turgan. Li sinfdoshlari bilan yozgi ta’tilda sport lageriga borganida ilk marta Sharq yakkakurash turlaridan bo‘lgan ushu bilan tanishadi. Oromgohda tashkil etilgan ushu to‘garagi borligini eshitib, tengdoshlari bilan mashg‘ulotlarga qatnadi. Keyinchalik ta’til tugagach, Li bu sport turi bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qildi. Pekin shahridagi ushu markazi murabbiylari undagi iqtidorni ko‘rgach, uning shug‘ullanishiga alohida e’tibor bera boshlashadi.

O‘z mahoratini oshira borgan Li qator musobaqalarda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatib murabbiylar nazariga tushdi. 1972 yilda esa mamlakat milliy chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Musobaqada barcha raqiblarini yengib, o‘zining ilk oltin medalini qo‘lga kiritadi. Uning sportdagi yutuqlarini ko‘rgan maktab rahbariyati undan maktab sha’nini yanada yuqoriga ko‘tarishi evaziga barcha darslardan ozod qilishadi va muntazam shug‘ullanishiga sharoit yaratishadi. Boshog‘riq darslardan qutulgan sportchi tajribali murabbiylar qo‘li ostida o‘z mahoratini oshiradi.

MRB ayg‘oqchilarini fosh qilgan yosh sportchi

1974 yilda mamlakat chempionatining saralash musobaqalarining barchasida g‘olib bo‘lgach, uni ham mamlakatning eng kuchli 30 sportchisi singari milliy terma jamoaga qabul qilishadi. Terma jamoa safida AQShda bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqada ishtirok etadi. Mazkur turnirga ketish oldidan Xitoy hukumati mutasaddilari sportchilarni o‘zga mamlakatda yashash, yurish-turish, shuningdek, mehmonxonalardagi hayot tarzini Markaziy razvetka byurosi (MRB) ayg‘oqchilari eshitishlari va kuzatishlari mumkinligi haqida ogohlantirishadi. Ulardan ehtiyot bo‘lishlarini ta’kidlashadi. Ammo xitoylik sportchilar orasida eng sho‘xi va o‘yinqarog‘i bo‘lgan Li AQShdagi mehmonxonada yashagan paytda yashirin eshitish uskunasi bor-yo‘qligini tekshirish maqsadida telefon, shkaf, gul solinadigan idishlar yoniga borib shokolad, muzqaymoq va mevalar yeyishni xohlayotganini qattiq ovozda aytaveradi. So‘ngra xonani ataylab tark etadi. Birozdan so‘ng qaytib kelganida stol ustida u xohlagan narsalar qo‘yilganligini ko‘radi. Keyinchalik aktyorning kulib eslashicha, uning qiliqlari haqida eshitgan delegatsiya rahbarlari Xitoyga qaytgach, ancha vaqtgacha turli savollar bilan boshini og‘ritgan ekan.

AQSh Prezidentining e’tirofi

Bo‘lajak sportchining musobaqadagi har bir g‘alabasi AQShning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Richard Nikson tomonidan e’tirof etilgan. Li G‘arb xalqlarining yashash tarzi, urf-odatlarini ko‘rib hayron bo‘ladi. Shunday to‘qchilikda yashayotgan amerikaliklarning «dushman» bo‘lishiga ishonmaydi va amerika haqidagi fikri butunlay o‘zgarib ketadi.

12 yoshli Li o‘smirlar o‘rtasida mamlakat chempionatida, so‘ngra III milliy chempionatda bir yo‘la to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Terma jamoa safida qator mamlakatlardagi turli musobaqa va turnirlar g‘olibi bo‘ldi. U mohir sportchi va «ishonchli xitoylik» sifatida hukumat tadbirlariga, xorij delegatsiyalari bilan uchrashuvlarga taklif qilina boshlandi. 2009 yilda Jet Li Xitoy va AQSh fuqaroligidan voz kechib, Singapur fuqarosiga aylandi.

Ikkinchi «Bryus Li»

Jet Li 18 yoshida kino olamiga kirib keldi. Sportda erishgan yutuqlari uni ekranga olib chiqdi. Musobaqalardagi tezkor jangovar harakatlarini ko‘rgan kino rejessyorlar undan ikkinchi Bryus Lini yaratish maqsadida kinoga taklif qilishdi. Nihoyat, 1982 yilda u «Shaolin ibodatxonasi» filmidagi ilk bosh rolini ijro etdi. Film Xitoyda katta muvaffaqiyat qozongach, 1983 yilda «Shaolin ibodatxonasi-2: Shaolin bolalari» hamda 1986 yilda «Shaolin ibodatxonasi-3: Shaolinning jangovar san’ati» filmlarida suratga tushdi. 1989 yilda mazkur filmning uchinchi qismi - «Shaolinning jangovar san’ati» sovet televideniyasida namoyish etilganida Sharq yakkakurash turlari taqiqlangan mamlakatda ham shuhrat qozondi. Mazkur filmlardan so‘ng Liga «Jet», ya’ni inglizcha «tezkor» laqabi berildi. Keyinchalik u «Bir kuni Xitoyda - 1-2-3 filmlarida Xitoy milliy qahramoni, kung-fu ustasi Xuan Feyxun rolini qoyilmaqom qilib o‘ynadi.

Jeki Chandan rolini olib qo‘ygan «yomon bola»

1993 yilda ishlangan «Afsona», «Afsona-2» filmlari Gongkong kinosanoatida hanuz eng yaxshi filmlar qatoridan joy olib kelinadi. Osiyo, Yevropa va Amerika qit’alarida nom qozongan Jet Li 1998 yilga kelib ilk marta Gollivudda debyut qiladi. Uni Jeki Chan o‘ynashdan bosh tortgan «O‘lim quroli-4» filmidagi «yomon bola» roliga taklif qilishadi.

U bosh rollarni ijro etgan «Romeo o‘lishi shart» (2000), «Ajdarho bo‘sasi» (2001), «Qarama-qarshilik» (2001), «Qahramon» (2002), «Beshikdan qabrgacha» (2003), «Denni zanjirband it» (2005), «Qo‘rqmas» (2006) hamda «Urush» (2007) filmlari butun dunyoda shuhrat qozondi.

Uning so‘nggi ishlaridan biri - 2008 yilda «Yopiq qirollik» filmida Jet Li birinchi marta yana bir mashhur aktyor Jeki Chan bilan birgalikda kinoga tushdi. «Mo‘miyo: Ajdarholar imperatori dahmasi» shuhrat qozondi. 2010 yilda aktyor S.Stallone tomonidan «Tutqich bermas» -2 va -3» filmlarida suratga tushdi. Uning so‘nggi filmi 2020 yilda suratga olingan «Mulan» bo‘lib, unda imperator sifatida gavdalangan.

Farzandini «Matritsa»dan ustun qo‘ygan aktyor

Gollivudda Jet Liga «Matritsa» kinotrilogiyasi va boshqa qator filmlarga taklif qilishadi. Ammo u o‘ynashdan bosh tortadi. Bunga u o‘z intervyularida farzand kutayotgan xotini yonida bo‘lishiga va’da berganligi sababli mazkur rollardan bosh tortganini ta’kidlaydi. U so‘zini ustidan chiqdi.

Jet Li Tibet buddizmini targ‘ib qilib keladi. U hatto bir marta Dalay-lama bilan shaxsan uchrashgan. Ammo 2007 yilda Tibet mustaqilligini tan olmasligini ta’kidlaydi. Uning terma jamoadagi do‘sti, sportchi Xuan Siyuandan ikki qizi bor. Ammo 1990 yilda yulduzli juftlik ajrashadi. 1999 yilda Jet Li yana gonkonglik aktrisa Nina Li Chiga uylandi. Hozirda ularning ikkita farzandi bor.

2004 yilda aktyor qizlari bilan Maldiv orollarida dam olayotganda orolga sunami yopiriladi. Ko‘pchilik uni halok bo‘lgan deb hisoblashadi. Ammo Li qizini qutqarish paytida oyog‘idan jarohat oladi. Hozir jahonning eng iqtidorli aktyorlaridan biri xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi va Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining elchisi hisoblanadi.

Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.