Jigar saratoni bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyoti Samarqandda o‘tkazildi

Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali shifokorlari bilan hamkorlikda jigar saratoni kasalligini davolashda arteriya qon tomirlarida kimyoviy embolizatsiya usuli yordamida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

– Onkologik xastaliklar o‘zining diagnostikasi va davolash jarayoni bilan boshqa kasalliklardan keskin farq qiladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori, professor Mirjalol Jo‘rayev. – Shifokorlarimiz Samarqand tibbiyotida ilk marta jigar saratoni kasalligini davolashda kimyoviy embolizatsiya usulini qo‘llashdi. Mazkur amaliyot murakkab jarayon bo‘lganligi sababli respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining bir guruh malakali mutaxassislari ham ishtirok etib, yosh tibbiyotchilarga mahorat sabog‘ini o‘tdi.

Shu vaqtgacha Rossiya, Hindiston, Germaniya kabi tibbiyot rivojlangan davlatlar klinikalarida amalga oshirilgan mazkur jarrohlik usuli endi o‘zimizning shifokorlar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 

Baxtiyor MUSTANOV.