Jizzaxdagi "qulagan uy" bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

Joriy yilning 10 yanvar kuni soat 17:10 da Jizzax shahar, Zilol mahallasi, Mustaqillik ko‘chasida “Chorvador-Qorako‘l-Baraka” MChJ tomonidan qurilayotgan 6 qavatli qurilishi tugallanmagan uyning bir qismi qulab tushgani haqida xabar bergan edik.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan mazkur voqeaning sabablarini o‘rganish maqsadida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatov rahbarligida Hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya tarkibiga Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va boshqa vazirliklar, idoralar, ekspertlar hamda loyiha tashkilotlari kiritilgan.

Ushbu Hukumat komissiyasi zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga nechog‘li rioya etilganligi, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me’yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Hukumat komissiyasi bugundan o‘z ishini boshladi.