Maktabning yuqori sinf o‘quvchisi homilador ekanligi aniqlandi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilaridan biri A.Aliyeva (ism-shariflari o‘zgartirilgan) Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasida 2020 yil yanvar oyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida unda homiladorlik alomatlari aniqlangan.
Holat bo‘yicha o‘sha vaqtning o‘zida tuman IIBga xabar berilgan va IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra biron-bir shaxsning harakatlarida jinoyat a’lomatlari bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bundan tashqari, Do‘stlik tuman prokuraturasi tomonidan Aliyevaning xomiladorligi holati yuzasidan va “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, tuman xalq ta’limi bo‘limiga kiritilgan taqdimnomaga asosan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4 nafar mansabdor shaxsiga intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, voyaga yetmagan Aliyeva va Odilovlarning onalari o‘z farzandlariga tarbiya bermaganliklari uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, taraflar o‘zaro turmush qurish istagini bildirganliklari sababli Oila kodeksi talablariga asosan ularning nikoh yoshini qisqartirish to‘g‘risida tuman hokimining tegishli qarori qabul qilingan.
Jizzax viloyati prokuraturasi xabar berishicha, hozirda shu holat bilan bog‘liq videomurojaatda qayd etilgan fuqaro Z.D.ga XTB mudiri mablag‘ taklif qilganligi holati yuzasidan Do‘stlik tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.