Qo‘shni viloyatlarda nima gap?: Jizzaxning bugungi jamoli

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan gazetamizda “Qo‘shni viloyatlarda nima gap?” nomli yangi rukn tashkil etdik. Shu rukndagi dastlabki sahifamiz Jizzax viloyatiga bag‘ishlanadi.

 Ma’lumot o‘rnida

Umumiy hududi 20 ming 500 kvadrat kilometr maydonni egallagan Jizzax viloyati Sirdaryo va Zarafshon daryolari oralig‘ining markaziy qismida joylashgan. U shimolda Qozog‘iston Respublikasi va Sirdaryo viloyati, janubi-sharqda Tojikiston Respublikasi, g‘arb tomonda esa Samarqand va Navoiy viloyatlari bilan chegaradosh.

Ayni paytda viloyat hududida Jizax shahri, Arnasoy, Baxmal, Do‘stlik, Forish, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l, Paxtakor, Yangiobod, Zomin, Zafarobod, Zarbdor tumanlari mavjud. Aholisi 1,4 milliondan ortiq.

Maqsad – Yevroosiyo bozorlari

Viloyat hokimligiga borganimizda hokimlik axborot xizmati rahbari Akmaljon Binoqulov bizni iliq kutib oldi. Maqsadimizni aytgach, bunday loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shundan so‘ng Akmaljon va “Jizzax haqiqati” gazetasi mas’ul kotibi O‘ktam Odilov hamrohligida viloyatning turli manzil va maskanlarida bo‘ldik.

- Keyingi yillarda viloyatimiz yuksak iqtisodiy salohiyatga ega sanoat hududiga aylanmoqda, - dedi Jizzax viloyati hokimligi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Feruza Kuliyeva. - Bu yerda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ichki bozordan tashqari, qo‘shni mamlakatlarga eksportga ham yo‘naltirilyapti. Masalan, raqobatbardosh trikotaj mahsulotlari tayyorlayotgan shunday quvvatlardan biri 2019 yilda tashkil etilgan “Farali textile” korxonasidir. Ayni paytda 780 kishi doimiy ish bilan band bo‘lgan mazkur mehnat jamoasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya Federatsiyasi, Moldova, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga jo‘natilmoqda.

Yaqinda Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan 12 ta memorandum va kelishuv, 9 ta investitsiya loyihasi hamda 14 ta eksport, jami 100,4 million AQSh dollarilik shartnomalar imzoladik. Jumladan, ikki viloyat o‘rtasida 2022-2023 yillarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, “Jizzax” va “Sug‘d” EIZ o‘rtasida aloqalar, Yangiobod va Istaravshan tumanlari o‘rtasida erkin savdo zonasini tashkil etishga kelishib olindi. Bundan tashqari, Tojikistondan 5 ming tonna osh tuzi va texnik tuz, “Zomin-farm” EIZ hududida gigiyenik mahsulotlar, Yangiobod kichik sanoat zonasida tojikistonlik hamkorlar tomonidan bolalar velosipedi ishlab chiqaruvchi korxonalar qurish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Shuningdek, So‘g‘d viloyatiga Jizzaxdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, gilam, oltingugurt, ipak, bazalt, shisha, fiting, qandolat, ip-kalava, qurilish mahsulotlari yetkazib berish, 10 ta issiqxona va 10 gektar bog‘ barpo etish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan VIII xalqaro savdo yarmarkasida viloyatning 30 dan ortiq korxonasi o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etgan.

- Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 232,1 million dollarlik 24 ta loyiha amalga oshirildi, - deydi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Ziyadin Saidov. - Shundan 87,2 million dollari xorijiy investitsiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu loyihalar doirasida hududda 3866 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2021-2022 yillarda qiymati 266,4 million dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilyapti. Shundan 119,7 million dollarlik loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyasi ko‘magida bajariladi. Bu loyihalar to‘liq ishga tushgach, 3223 nafar yoshning bandligi ta’minlanadi.

 XurosondaYangi O‘zbekiston”

Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi Katta O‘zbek trakti bo‘yida joylashgan Xuroson qishlog‘i nafaqat “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yig‘ini, balki Jizzax viloyatining eng xushmanzara hududlaridan biri. Bugun bu yer qaynoq qurilish maydoniga aylangan. Chunki mazkur mahallada “Yangi O‘zbekiston” turarjoy massivi bunyod etilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, massiv qurilishi 2026 yilgacha davom etadi. 41,3 gektar maydonda 5440 xonadondan iborat 68 ta 16 qavatli uy barpo etiladi. Joriy yil oxirigacha bu yerda 1120 xonadonli 14 ta osmono‘par bino qad rostlaydi. Ayni paytda pudratchi tashkilot - “BRB GOLD TEAM” MChJ quruvchilari g‘ayrat bilan ishga kirishgan.

– Bajariladigan ishlar ko‘lami keng, ammo zimmamizdagi yumushlarni o‘z vaqtida uddalaymiz, - deydi mazkur tashkilot rahbari A’zamjon Burxonov. – Qurilish hajmi va ish ko‘lami kattaligi bois massivni bunyod etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Jumladan, kelgusi yili 1360 xonadonli 17 ta bino bunyod etilsa, 2024 yilda 1200 xonadonli 15 ta, 2025 yilda 960 xonadonli 12 ta, 2026 yilga kelib, 800 xonadonli 12 ta uy qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Qayd etish joizki, bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylardan tashqari, qator ijtimoiy ob’yektlar bunyod etish nazarda tutilgan. Jumladan, mahalla markazi, oilaviy poliklinika, madaniyat uyi, sport-sog‘lomlashtirish markazi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi, bank shoxobchalari, 1680 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan 2 ta umumta’lim maktabi, 360 o‘rinli 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotining binolari qad rostlaydi.

 Yormamat Rustamov

Samarqand – Jizzax – Samarqand.

 ***

 (Davomi bor)