3 ta mashina ishtirokida ayanchli YTH sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor
Kecha, 9 sentyabr kuni taxminan soat 18:30 da Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani, Xayrobod mahallasi hududidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘li “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishining 997 kilometrida “Lacetti” rusumli avtomashina katta tezlikda harakatlanib, shu yo‘nalishda ketayotgan boshqa bir “Lacetti” rusumli avtomashinaning chap yon tomoniga urilib, yo‘lni bo‘lib turgan beton to‘siqni buzib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan “Kia” rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, katta tezlikda harakatlanib kelgan “Lacetti” avtomashinasida yong‘in kelib chiqqan, avtomashinada bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi hodisa joyida vafot etgan. Qolgan 3 nafar yo‘lovchilar tibbiy muassasasiga yotqizilgan. Ikkinchi “Lacetti” rusumli avtomashina yo‘l chetida ag‘darilib ketgan. Avtomashinada bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchi tan jarohatlari olmagan. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelgan “Kia” yuk avtomashina haydovchisi ham tan jarohatlari olmagan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda. Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.