Jomboyda deputat so‘roviga loqayd rahbarning ishi sudda ko‘rildi
Siyosiy partiya va deputatlarning hisobotiga hech ko‘zingiz tushganmi? Ijtimoiy tarmoqda shunday partiyaning choraklik hisoboti berilgan ekan. Uch oy davomida 200 ta deputatlik so‘rovi javobsiz qolgani qayd etilibdi.
Qonunga rioya etmagan mansabdor shaxslarga qanday chora ko‘rilgani esa aytilmagan. Negadir, bu sud amaliyotida ham kam uchraydi. Ammo yaqinda Jomboy tumanida shunday holat yuz berdi. Loqayd rahbarning ishi sudda ko‘rildi.
Deputat ham xalq manfaatini o‘ylab ish yuritadi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini anglaydi. Kezi kelganda, mansabdor shaxsga so‘rov yuboradi. Shu orqali muammolarga yechim izlaydi. Demak, rahbar ham uning murojaatini e’tiborsiz qoldirishi, vakolati doirasida tushuntirish bermasligi mumkin emas.
Yana bir gap. Bunday murojaatlar amaldagi qonunlarga asoslanib o‘rganilmaydi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va deputatlik maqomiga oid qonunlar asosida tartibga solinadi.
Mansabdor shaxs deputatlik so‘rovini olgach, o‘n kundan kechiktirmay javob yuborishi lozim. Yo‘qsa, bunday xatti-harakat senator va deputat faoliyatiga to‘sqinlik, deb baholanishi mumkin.
Afsuski, tuman veterinariya bo‘limi rahbari shuni vaqtida anglab yetmadi. Xalq demokratik partiyasining tuman kengashi deputati yuborgan so‘rovni javobsiz qoldirdi.
Murojaatda ko‘tarilgan masala, berilgan savollar bilan tanishdik. Unda aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammo ko‘tarilgan. Deputat murojaatlar bilan ishlagan. Ammo tizimdagi tartibsizlik sohaga bevosita aloqador rahbarni qiziqtirmabdi. Yo‘qsa, ish hajmi ko‘pligini ro‘kach qilib, javob yozishdan qochmagan bo‘lardi.
Deputat xalq nomidan ish ko‘radi, dedik. Uning taklif va tashabbuslari qog‘ozda qolib ketar ekan, jamiyatda norozilik kayfiyati shakllanadi. Aholining partiya va deputatlar faoliyatiga ishonch hissi kamayib boradi. Bu jamiyatni inqirozga yetaklash bilan barobar.
Aslida fuqaro ham, deputat ham xalqning vakili. Ularning murojaat va huquqlari qonun himoyasida. Sud shularni hisobga olib, qaror chiqardi.
Huquqbuzar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
A’lamxon AKOBIROV,
Jomboy tumani prokurorining katta yordamchisi.