“Juma dehqon bozori”da nega odamlar gavjum?
Bugungi kunda yuz berayotgan voqealar butun dunyoni tashvishga solayotgani sizu bizga oydek ravshan. Mamlakatimizda karantin e’lon qilinganiga qariyb uch haftadan oshdi. Hukumatimiz tomonidan karantinga oid huquqiy ta’sir kuchaytirilmoqda.
Davlat fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rib, tibbiyot xodimlari aholi orasida virus tarqalib ketishining oldini olishga urinayotgan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari tunu kun shu mavzuda ko‘rsatuvlar va maqolalar tayyorlamoqda. Fuqarolarning uyida qolishini va bu balo tarqamasligining oldini olish bo‘yicha barcha huquq-tartibot organlari ter to‘kishayotir.
Ammo shuncha sa’y-harakatlarga qaramasdan, hamon tumanlarda ahvol achinarli. Masalan, Past Darg‘om tumanidagi “Juma dehqon bozori”da hali ham aholi gavjum. Avtotransport vositalari qatnovining shashti pasaymayapti.
Ayrimlar oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilayotgan bo‘lsa, ba’zilar hali 10 yoshga to‘lmagan farzandi bilan istirohat bog‘ida yurgandek, sayr qilishmoqda.
Bozor nazorati xodimlarining aytishicha, tumanlarda dehqon bozorlariga haftaning har kuni bozor ochiq bo‘lishiga ruxsat berilgan. Odamlar esa bitta gugurt uchun ham bozorga kelmoqda. Holbuki, qishloq do‘konlarida hamma narsa bor.
Respublika miqyosida COVED-19ni yuqtirgan bemorlarning soni o‘sib borayotgan bir paytda, mana shunda e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik nafaqat bozor va ko‘chalarda yurgan insonlar uchun, balki ularning yaqinlariga ham katta musibat olib kelishi hech gap emas. Ayniqsa, shahar ko‘chalari avtomashinalardan tozalangan bir vaqtda, tumanlarda avtotransport vositalari aholiga tinimsiz xizmat ko‘rsatmoqda.
Nahotki, dunyoning rivojlangan mamlakatlari ko‘chalarida ham odamlarning bemaqsad yurganlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgani, bu kabi tadbirlar mamlakatimizda ham faol olib borilayotganidan odamlar bexabar bo‘lsa?
Shoxruh JALILOV.