Juma – tadbirkorlar kuni: Murojaatlar e’tibordan chetda qolmaydi
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda 15 nafar tadbirkor faoliyatini yuritish uchun yer maydoni ajratish, imtiyozli kredit olish, davlat sherikchiligi asosida maktabgacha ta’lim muassasasi qurish kabi masalalarda murojaat qildi.
Jumladan, Past Darg‘om tumani Namuna mahallasida yashovchi tadbirkor Hasan Atamurodov O‘rta Charxin mahallasi hududida joylashgan sobiq qishloq fuqarolar yig‘ini binosini olib, bu yerda maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish yuzasidan murojaat qildi.
– Mazkur bino 2005 yildan buyon foydalanilmay kelinmoqda, – deydi H.Atamurodov. – Bu bo‘yicha tuman hokimligiga bir necha marotaba murojaat qildim, ular menga bu bino viloyat madaniyat boshqarmasi balansida ekanligini ta’kidlashardi. Viloyat hokimining qabuliga kelib masalam ijobiy hal bo‘ldi.
Boshqa tadbirkorlar ham viloyat rahbari bilan yuzlashib, muammolarini bayon etdi va bu muammolarning aksariyati shu joyning o‘zida hal etildi, qolganlarini bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Baxtiyor MUSTANOV.