Kadastr hujjatlari raqamlashtirilsa, uy ma’lumotlarini internetdan ko‘ramiz

Prezidentimizning 2016 yil 3 avgustdagi qarori asosida umumiy qiymati 35,77 million AQSh dollari bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 20 million dollar miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha doirasida geoaxborot tizimlari va veb-texnologiyalardan elektron hukumat tizimining tarkibiy qismlari sifatida foydalanish, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishning integrallashgan axborot tizimini yaratish, amaldagi ro‘yxatdan o‘tkazishning «qog‘ozli tizimi»ni tubdan yangilash rejalashtirilgan.

- Mamlakatimizda bu kabi tizimning yaratilishida yermulkkadastr sohasida fuqarolarga va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, muddatlarini qisqartirish va eng asosiysi, taqdim etilayotgan ma’lumotlarning aniqligini oshirish ko‘zda tutilgan, - deydi «Yergeodezkadastr» qo‘mitasi mutaxassisi Bekzod Nishonov. - Ushbu loyiha jarayonida ma’lumot olish istagida bo‘lgan barcha fuqarolar, korxona-tashkilotlarga elektron veb-portal orqali axborot berish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Jahon banki mutaxassislari bilan birgalikda mazkur sohada dunyoda yetakchilardan bo‘lgan Finlyandiya va Shvetsiyaning «Compet-Terra & FGC» qo‘shma korxonasi mutaxassislari ham ko‘mak berishadi. Ular ishtirokida mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatishni jahon andazasi darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan. Ya’ni, hozirda respublikamizda kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimida hujjatlarning katta qismi qog‘oz ko‘rinishida saqlanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni tezlashtirish, aniqlikni oshirish maqsadida endilikda barcha hujjatlar, reyestrlar raqamli ko‘rinishga keltiriladi. Bu joylashgan joyi bo‘yicha geobog‘lanish orqali har bir ob’yektning joyini elektron xaritalarda aniq ko‘rsatish imkonini beradi.

Tadbirda «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari T.Abdullayev va viloyat hokimining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Shukurov ishtirok etdi.

O‘.XUDOYBERDIYeV.