Karantin tadbirlari davom etmoqda
Ishtixon tumani hokimi Sh.Negmatov va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari S.Mingboyev ishtirokida pandemiya davrida hududda sanitariya, karantin tartibi va normalari hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Ishtixon tumanida o‘tkazilgan brifingda qayd etilishicha, tumanga 15 martdan buyon epidemik noxush davlatlardan kelgan 1005 nafar fuqaroning barchasi 14 kunlik uy nazoratiga olinib, kasallik belgilari aniqlanmaganligi sababli ularning barchasi nazoratdan chiqarilgan.
Bugungi kungacha 1137 nafar fuqaro laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgan. Keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilishiga qaramay tumanda 16 nafar fuqaroda infeksiya bilan kasallanish holati aniqlangan. Hozirda bu bemorlarning barchasi to‘liq sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytgan.
Ayni paytda Ishtixon tumani belgilangan qoida va tartiblarga qat’iy amal qilinishi hamda infeksiya bilan kasallanganlarning mavjud emasligi sababli yashil hududlar toifasiga kiritilgan.
Kattaqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan brifingda S.Mingboyev karantin davrida sanitariya qoidalari va normalariga, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida tumanning Xatirchi, Ishtixon va Kattaqo‘rg‘on shaharlari bilan chegaradosh qishloqlarida blok postlar tashkil qilinganini ta’kidladi.
Tumanda kasallikka gumon qilingan 23 nafar fuqaro ichki ishlar idoralari va hududiy oilaviy poliklinikalar xodimlari tomonidan uy karantiniga olingan. Ular bilan muloqotda bo‘lgan qarindoshlari hamda boshqa 111 nafar fuqaro 14 kunlik kuzatuvda. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardan kirib kelgan 897 nafar fuqaro bilan surishtiruv ishlari olib borilib, 213 nafari tibbiy kuzatuvga olingan. Ularning hech birida koronavirus infeksiyasiga xos klinik belgilar aniqlanmaganligi sababli nazoratdan chiqarilgan.
Ishtixon va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimliklari axborot xizmati.