Kattaqo‘rg‘onda 10 ta muhtoj oila boshpanali bo‘ldi

Tumanning Bog‘ot mahallasida har biri 3 xonadan iborat 2 sotixli 10 ta yangi uy ijtimoiy ahvoli og‘ir, turar joyga muhtoj oilalarga bepul berildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi A’zamxon Bahromov, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Suhrob Rafiqov, sektorlar va tegishli tashkilotlar rahbarlari,  quruvchilar va bir guruh mahalla faollari ishtirok etdi.

- Boshiga ish tushganda muruvvat yordamlari ko‘rsatilsa, ko‘z yoshini yashirolmas ekan kishi, - deydi yangi uy sohibalaridan biri Xumora Ismoilova. – Uyimiz yo‘q edi. Turmush o‘rtog‘im yo‘l qurilishida ishlardi. Yaqinda baxtsiz hodisa tufayli olamdan o‘tdi. Qizim bilan qayerga borishni bilmay turganimda bepul berilgan, yashash uchun barcha sharoitlarga ega uy hayotimizga quvonchli bag‘ishladi. Yaxshiyam, muhtojlarni e’tiborsiz qoldirmaydigan el farzandiman, o‘zbekistonlik ekanligimdan mamnunman.

Uy-joylar qurilishiga 1 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shundan 643 million so‘mi Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgani mahalliy byudjetning orttirib bajarilgani hisobidan ajratildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan esa uylarni jihozlash ishlari amalga oshirildi.

 

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.