Kattaqo‘rg‘onda korrupsiyaga murosasiz muhitni qanday shakllantirish mumkin?

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov rahbarligidagi ishchi guruh Kattaqo‘rg‘on tumanida korrupsiyaning oldini olish, maishiy korrupsiyaga barham berish hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini o‘rgandi.

O‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Yo‘l xarita”sida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar muhokama qilindi.
O‘rganish davomida yagona tibbiyot axborot tizimi — DMEDda “Elektron retsept” moduli orqali bemorlarga retseptlarni elektron shaklda berish amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ish stavkalarini taqsimlashda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ul idoralar rahbarlariga qator topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda davlat organlariga ishga qabul qilish jarayonlarida byurokratik to‘siqlar va inson omilini kamaytirish, xodimlarni ishga qabul qilishni ochiq va shaffof tanlov asosida tashkil etish, shuningdek, ushbu jarayonlarni monitoring qilish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yakunda “Yo‘l xarita”sida belgilangan vazifalarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, hududni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish borasidagi takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Berilgan topshiriqlarning ijrosi alohida nazoratga olindi.