KOICA: Markazning to‘rtinchi bitiruvchilari diplom oldi
O‘n oy davomida nazariy va amaliy sinovlarda o‘zimni ko‘rsatib, ko‘proq hunar egasi bo‘lishga urindim. Harakatlarim besamar ketmadi va ko‘zlangan maqcad yo‘lida diplomni ham qo‘lga kiritdim.
Bu – Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi bitiruvchisi, narpaylik Sarvinoz Lutfullayevaning dil so‘zlari. U va yana 233 nafar yoshlar markazning 4-navbatdagi o‘quv kursini bitirib, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘ldi.
Shu munosabat bilan markazda o‘tkazilgan tadbirda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, viloyat bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi vakillari, Koreya ta’lim va texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
– Bugungacha ushbu muassasani 700 nafarga yaqin yoshlar bitirib, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha 60 dan ortiq tashkilotlar bilan shartnoma tuzib ishlamoqda, – deydi Koreya xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Park Mi. – Markazni tamomlagan 3 foizgina yigit-qizlarning bandligi ta’minlanmagan, xolos. Bugungi bitiruvchilarning ham hamkor tashkilotlar bilan ishlashi va ayrimlari o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ishonaman. O‘ylaymanki, KOISAning maqsadli faoliyati Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.
Tadbir qatnashchilari bitiruvchilarning axborot texnologiyalari mutaxassisligi, elektronika va asbobsozlik, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, payvandlash va chilangarlikka oid hamda o‘zbek-koreys madaniyati aks ettirilgan tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmalari bilan tanishtirildi.
Marosim davomida muassasada tashkil etilgan zamonaviy avtodrom va “Ingliz tili markazi”ning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida bitiruvchi-yoshlar hamda Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.