Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) mutaxassislari Samarqandga keldi

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) mutaxassislaridan iborat delegatsiya Samarqandga keldi.

Koreya Respublikasi Prezidentining joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan «Qo‘shma bayonoti»da kadrlar siyosatida Prezident huziridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida hamkorlik aloqalarini muntazam rivojlantirib borish masalasi kiritilgan. Shu asosda Davlat boshqaruvi akademiyasi KOISA bilan yirik grant loyihasini ishlab chiqmoqda.

Delegatsiya a’zolari Prezident huziridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali faoliyati bilan tanishdi va mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish istiqbollari mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, filialda 2023-2024 o‘quv yilida Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan 927 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlar va davlat tashkilotlarining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha tarkibiy tuzilmalari boshkaruv kadrlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yilida 800 nafardan ziyod rahbar va davlat xizmatchilarining malakasini oshirish rejalashtirilgan.

- Davlat boshqaruvida kadrlarni o‘qitish va malakasinini oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq, - deydi KOISA bosh qarorgohi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Choy Xe Jeong. – Buning uchun, avvalo, hududlar doirasida ma’lum bir o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va shunga mos sharoit yaratish kerak. Masalan, bizda kadrlarni o‘qitish raqamlashtirilgan bo‘lib, zamonaviy platformalar, sun’iy intellekt orqali onlayn kurslar tashkil etilgan. Bu borada tajribamizni mamlakatingizda ham joriy qilish, loyihalar ishlab chiqish, sohadagi muammo va kamchiliklarga yechim topish borasida mutaxassislar bilan fikr almashdik.