KOICA granti asosida tashkil etilgan “Startap g‘oyalar tanlovi”da SamISI o‘qituvchisi g‘olib bo‘ldi

Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazlari ishtirokida «I o‘quv qo‘llanmalar yaratish musobaqasi» va «Startap g‘oyalar tanlovi» bo‘lib o‘tdi.

Kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘rtasida birinchi bor o‘tkazilayotgan musobaqa barcha qatnashuvchilar va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i F.Mamarasulov va KOICA’ning Toshkentdagi ofisi direktori Son Sung Il ochib berdi.

Musobaqada o‘qituvchilar avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash ishlari texnigi, axborot texnologiyalari va to‘qimachilik yo‘nalishlarida bellashdi. Berilgan vaqt va musobaqa shartlari tugagach, g‘oliblar hakamlar tomonidan aniqlandi.

KOICA’ning Toshkentdagi ofisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nomidan Gran-pri va 5 ta birinchi o‘rin sohibalariga pul mukofotlari, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tadbirning ikkinchi qismida Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida KOICA granti asosida tashkil etilgan Samarqand startap inkubator markazida startap g‘oyalar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovga ariza topshirgan 14 nafar startap g‘oyalaridan dastlabki tanlovdan o‘tgan 5 ta g‘oya taqdimoti o‘tkazildi. Nomzodlar hakamlar tomonidan baholandi va markaz rezidentligiga qabul qilindi.

1-o‘rin Camarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi Zafarali Bozorovga nasib etdi. Startap muallifi bir yil muddatga ofis bilan bepul ta’minlanadigan bo‘ldi. Unga qimmatbaho sovg‘alar berildi va startap xizmatlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shoxrux JALILOV.