Samarqanddagi “Saxovat va ko‘mak” fondiga Koreyadan yordam keldi
Samarqand viloyati “Saxovat va ko‘mak” fondiga Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi hamkorlari – Koreya hukumatining Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Keymyung kollej universiteti tomonidan beg‘araz xayriya yordami topshirildi.
– Biz Samarqanddagi kasb-hunarga o‘rgatish markazi bilan samarali hamkorlik qilib kelamiz, – deydi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning mamlakatimizdagi ofisi direktori o‘rinbosari Park Mi. – Shuning uchun bugungi pandemiya sharoitida ham viloyat xalqiga yordam berishga qaror qildik. Biz taqdim etayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ayni paytda ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlarning ehtiyojini qondirishga yordam bersa, o‘zimizni baxtli hisoblaymiz.
KOICA tomonidan aholining kunlik iste’moli uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat 850 to‘plam beg‘araz yordami tuman va shaharlaridagi ehtiyojmand oilalarga yetkazilishi ma’lum qilindi.
2019 yil fevral oyidan buyon Samarqand kasb-hunarga o‘rgatish markazida “Samarqand viloyatida kasbiy ta’limni rivojlantirish loyihasi”ni amalga oshirib kelayotgan Keymyung kollej universiteti esa “Saxovat va ko‘mak” fondiga 2000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘tkazib berdi. Shuningdek, mazkur universitet Samarqand shahridagi 54-umumta’lim maktabiga pandemiyaga qarshi kurashishda maktabni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar va tibbiy niqoblar sotib olish uchun 500 AQSh dollari miqdorida mablag‘ topshirdi.
– Koronaviurs pandemiyasi sharoitida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatish maqsadida bizning jamoamiz ham karantin tugaguniga qadar har oyda bir kunlik ish haqimizni “Saxovat va ko‘mak” fondiga o‘tkazishga qaror qildik, – deydi Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazi rahbari I.Ergashev. – Bundan tashqari, o‘zimiz ham shaxsiy mablag‘imizdan zarur yordam ko‘rsatishga harakat qilyapmiz.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosarlari R.Qobilov va A.Umarov koreyalik hamkorlarga beg‘araz yordam uchun minnatdorlik bildirdi.