Koreyada "Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi" nomli targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

4-9 may kunlari Koreyaning Seul hamda Geongju shaharlarida "Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi" targ‘ibot kompaniyasi tashkil etilishi hamda "Seoul International Travel Fair-2023" turizm ko‘rgazmasida ishtirok etishi, shuningdek, Samarqandning gastronomik turizm salohiyati yuzasidan  targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan  viloyatning turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Tadbirning ilk kunida O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasida "Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi" targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan Koreyaning biznes vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda koreyalik ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Samarqand viloyati turizm salohiyati, transport-logistika tizimida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda turizm sohasida kadrlarni tayyorlash yuzasidan "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida yaratilgan shart-sharoitlar, turistik kompaniyalar tomonidan yangi turizm mahsulotlari bo‘yicha taqdimotlar tashkil etildi.

Ishtirokchilarga Samarqandning gastronomik turizm salohiyati, sharq shirinliklari, Samarqand nonlari ko‘rgazmasi namoyish etildi hamda Samarqand oshi tayyorlanib, mehmonlarga tortiq etildi.

Tadbir davomida o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari ijro etildi.

Ma’lumot uchun, "Seoul International Travel Fair-2023"  38-xalqaro turizm ko‘rgazmasi Osiyo mintaqasida tashkil etiladigan eng yirik turizm ko‘rgazmalaridan biri hisoblanadi. Unda 70 mamlakatdan 80 ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.

Samarqand viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi axborot xizmati.