Samarqandda Koreya bilan hamkorlikda in-vitro usulida kartoshka urug‘i tayyorlanadi
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga Koreyaning Xalqaro bog‘dorchilik instituti prezidenti, professor Yong-Beom Leye boshchiligidagi bir guruh delegatsiya keldi.
"Uchrashuvda filialda Koreya grant mablag‘i hisobidan tashkil qilinishi rejalashtirilayotgan innovatsion texnologiyalar asosida kartoshka urug‘ini ko‘paytirish loyihasining ob’yekti, respublikada kartoshka ishlab chiqarish va uning urug‘chiligi holati, talab va imkoniyatlari to‘g‘risida fikr almashildi, - deya Zarnews’ ga xabar berdi TDAU Samarqand filiali bo‘lim boshlig‘i Husniddin Pardayev. - Koreyalik delegatsiya a’zolariga loyihani amalga oshirish uchun quriladigan in-vitro laboratoriyasi va issiqxonalarni qurish ob’yektlari, uning atrofidagi binolar hamda qurilishi rejalashtirilayotgan AKIS va uning hududiy chegaralari taqdim qilindi.
Endi Samarqandda kartoshka urug‘ini tayyorlash takomillashtiriladi. Har yili xorijdan keltiriladigan kartoshka urug‘ini o‘zimizda yetishtirish orqali qishloq xo‘jaligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shiladi".