Koreya Bandlik va mehnat vaziri Samarqandda kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlar faoliyati bilan qiziqdi
O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi Mehnat va bandlik vaziri Li Jung Sik rahbarligidagi delegatsiya Samarqand shahrida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva ishtirokida mehmonlar dastlab Samarqand shahrida Koreya Xalqaro Hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida tashkil etilgan Kasb-hunarga o‘qitish markazining faoliyati bilan tanishdi.
- Ushbu kasb-hunar markazlari O‘zbekiston va mamlakatimiz o‘rtasidagi bandlik va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligimizga mustahkam poydevor bo‘ldi, - deydi Koreya Bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik. - Bugungacha O‘zbekistonda 4 ta ana shunday markaz faoliyat yurityapti. Kelajakda bu yo‘nalishda hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Shundan so‘ng, delegatsiya ishtirokchilari Samarqand shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazida bo‘lib, bu yerda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga kasb-hunar o‘rganishlari uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar bilan qiziqdi. Monomarkazda ishsiz fuqarolarga qisqa muddatlarda bepul kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitilayotganini yuqori baholadi.