Ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lamaslik holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.Q.N” hamda “G.S.E” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari rahbari Ulug‘bek T. va boshqalar korxonalar tomonidan bajarilgan ishlar va tovarlar realizatsiyasidan kelib tushgan 7,3 milliard so‘m pul mablag‘larini soliq to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida hisobotlarda yashirib kelgan.
Byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan 1,4 milliard so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganliklari hamda mahsulotlar sotuvidan tushgan 4,8 milliard so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan juda ko‘p miqdorda savdo qoidalarini buzganliklari aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Ulug‘bek T. va boshqalarga nisbatan JKning 184 va 189-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.