O‘qituvchilardan qarzi yo‘qligi xususida maxsus hujjat yoki ma’lumotnoma so‘ralmagan

Joriy yilning 24 sentyabr kuni @sizdantelegram kanalida “Soliqdan qarzi yo‘qligi haqidagi ma’lumotnoma 11 ming so‘mdan pullanmoqda” sarlavhali maqola chop etildi. Unda Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari soliqdan qarzi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma berish uchun fuqarolardan pul talab qilgani iddao qilinadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, soliq qarzi yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnomani fuqarolarga taqdim etish xizmati soliq idoralari (inspeksiyalari) vakolatida emas. Ushbu ma’lumotnomani berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 oktyabrdagi 823-sonli qaroriga asosan Davlat xizmatlari agentligi (hududlarda markazlar) tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi PQ-3802-sonli qarori bilan “Soliq servis” davlat unitar korxonasi va respublikamizning barcha hududlarida uning bo‘limlari tashkil etilgan. “Soliq servis” davlat unitar korxonasi tomonidan  2018 yil 27 dekabrda tasdiqlangan tariflar asosida soliq to‘lovchilarga qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida yozma ma’lumotnoma berish xizmati ko‘rsatiladi va buning uchun belgilangan miqdorda haq undiriladi.

“Soliq servis” DUK alohida yuridik tashkilot bo‘lib, davlat soliq inspeksiyalarining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanmaydi. Maqolada yoritilgan ma’lumotnoma Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan emas, balki “Soliq servis” davlat unitar korxonasining Jomboy tumani bo‘limi tomonidan qonuniy asosda berilgan.

Yodda tutish lozimki, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchi sanaladi. Aniqlanishicha, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan maktab direktorlariga o‘z xodimlari orasida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borish zarurligi haqida eslatma berish tavsiya qilingan. Ammo qarzi yo‘qligi xususida maxsus hujjat yoki ma’lumotnoma so‘ralmagan.

Barcha fuqarolar, jumladan, ta’lim tizimi xodimlari ham qonunda belgilangan soliq va yig‘imlarni to‘lab borishi shart. Bunda har bir fuqaroning o‘zi soliq inspeksiyasi orqali qarzdorligi mavjud yoki mavjud emasligini mustaqil nazorat qilib borishi maqsadga muvofiq.

Sh.AZAMATOV,

Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.