Ko‘priklarning necha foizi yaroqsiz holatda?
Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “2024 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Savol-javoblar davomida deputatlar yo‘l infratuzilmasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Ularning fikricha, bugungi kunda O‘zbekistonda 14 863 ta ko‘prik bor, shundan 32 foizi, ya’ni 4 834 tasi qoniqarsiz, 5-6 foizi esa yaroqsiz holatda.
Joriy yilda avariya holatidagi ko‘priklarni tiklash bo‘yicha alohida qaror qabul qilingan va unda 2024, kelgusi yillarda davlat byudjetidan zarur mablag‘larni ajratish belgilangan. Bu bo‘yicha alohida dastur qabul qilingan va unda kelgusi yilda 226 ta ko‘prikni tiklash ko‘rsatilgan.
Lekin 2024 yilgi byudjetda 27 ta eski ko‘prikni ta’mirlashga pul ajratilishi belgilangan. Fraksiya a’zolari qolgan ko‘priklar qaysi mablag‘ hisobidan ta’mirlanadi, degan savol bilan mutasaddilarga murojaat qildi. Mutasaddilar ko‘tarilgan barcha savollar yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Uzoq davom etgan savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.