Ko‘priksiz kanallar, yo‘lsozlardan chala ish, tuproq bilan to‘ldirilayotgan “yama”lar yaqin kunlarda hal etilishi ma’lum qilindi

Telegram kanalimizda shu yil 24 may kuni “Ko‘priksiz kanallar, yo‘lsozlardan chala ish, tuproq bilan to‘ldirilayotgan “yama”lar” sarlavhali tanqidiy maqola berilgan edi.

Oqdaryo tumani hokimligi ushbu maqola yuzasidan javob yo‘lladi.

Unda keltirilishicha, “Pilol qishlog‘idan Oytamg‘ali mahallasigacha boruvchi yo‘l Oqdaryo tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi qaramog‘idagi, mahalliy ahamiyatdagi 4N591-"Poniqi qishlog‘i - O‘tarchi qishlog‘i" avtomobil yo‘lining 4-5 kilometr oralig‘i hisoblanadi.

2021 yilning noyabr-dekabr oylarida Pilol qishlog‘i fuqarolari tomonidan tuman hokimiga mazkur avtomobil yo‘lini ta’mirlash yuzasidan qilgan murojaatidan so‘ng avtomobil yo‘lining 1-kilometr qismida joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ushbu ta’mirlash ishlari yo‘l qurilishi talablari darajasida bajarilgan, o‘ydim-chuqur qismlari ta’mirlash ishlari olib borilmagan qismida mavjud.

Avtomobil yo‘lining qolgan qismini joriy yilning sentyabr oyining oxiriga qadar, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash ishlari uchun ajratilgan limit doirasida ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Maqolada yo‘lsozlarning M-37 avtomagistral yo‘lining Pilol qishlog‘idan o‘tgan hududida yo‘lning o‘ydim-chuqurliklarini tuproq bilan to‘ldirayotganligi yozilgan. Mazkur "Samarqand - Buxoro - Turkmanboshi" avtomobil yo‘lida Samarqand muntazam yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Joriy yilning qish mavsumida yog‘ingarchilik sababli avtomobil yo‘lining qatnov qismida chuqurlar paydo bo‘lganligi sababli avtotransport vositalari harakatini muntazam ta’minlash maqsadida uni tuproq bilan emas, yo‘lning chetki qismida inert materiallar bilan vaqtincha yopish ishlari bajarilgan. Hozirgi kunda mazkur avtomobil yo‘lining Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi 32-kilometri qismida to‘liq asfaltobeton qorishmasi bilan kartali hamda yamoqli ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Shuningdek, maqolada ko‘rsatilgan Pilol qishlog‘i hamda Ishtixon tumanining To‘qay qishlog‘i oralig‘idagi kanalga ko‘prik qurish Oqdaryo tumani hokimligi tomonidan ichki xo‘jalik yo‘llar va ichki xo‘jalik yo‘llarida joylashgan ko‘priklarni ta’mirlash uchun shakllantiriladigan manzilli dasturga kiritiladi. So‘ngra tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan ta’mirlash ishlari olib boriladi”.