Dunyoning eng chiroyli ko‘priklari

Arxitektor va dizaynerlar bir-birlari bilan raqobat qilishni yaxshi ko‘rishadi. Shuning uchun dunyoda kishilarni maftun qoldiradigan juda ko‘p bino, inshoot va ko‘priklar paydo bo‘lgan. Ba’zi ko‘priklar bir necha oy ichida, boshqalari esa o‘nlab yillar davomida qurib bitkazilgan. Qurilish muddatiga qaramay, bu arxitektura durdonalari o‘zlarining salobati bilan kishilarni hayratda qoldiradi. Bugun sizni dunyodagi eng ajoyib ko‘prik inshootlari bo‘ylab sayohatga taklif etamiz.

Helix ko‘prigi. Marina-Bey, Singapur

Singapur haqli ravishda zamonaviy arxitekturasi bilan faxrlanadi. Bu yerga tashrif buyurganingizda albatta po‘lat va shishadan yasalgan, kechayu-kunduz yarqirab turadigan Helix ko‘prigini ko‘rishingiz kerak. Ko‘k elektr chiroqlari ko‘prikni ayniqsa kechqurunlari chiroyli tarzda yoritadi.

Tauer ko‘prigi. London, Angliya

Londonda tashrif buyurishga arziydigan ko‘plab diqqatga sazovor joylar bor. Bu shahar nafaqat tarixiy binolari, balki aksariyati san’at asarlari hisoblanadigan ko‘p sonli ko‘priklari bilan ham mashhur. Shahar Temza daryosida yaratilgan va qurilganligi sababli Londonda juda ko‘p ko‘priklar mavjud. Shaharning asosiy faxri esa Londonning asosiy ramzlaridan biri bo‘lmish – Tauer ko‘prigidir.

Pon-Dyu-Gar. Gar-River, Fransiya

Fransiyani birinchi navbatda tarixga qiziquvchilar yaxshi ko‘radi. Bu yerda siz dunyoning boshqa hech bir davlatida topilmaydigan fantastik qal’alar va saroylarni topishingiz mumkin. Gardon daryosida qadimiy rimliklar tomonidan 2000 yil oldin qurilgan Pon-Dyu-Gar deb nomlanadigan dunyodagi eng ajoyib ko‘priklaridan biri bor. Uning uzunligi 275, balandligi esa 47 metr. Ushbu ko‘prik qadim zamonlarda qadimiy Nima shahrini suv bilan ta’minlashda xizmat qilgan. Inshoot Yuzes shahridan Nimaga olib boradigan 50 kilometr uzunlikdagi suv quvurining bir qismi bo‘lib, bu suv kanali orqali shaharga har kuni 22 million 730 ming litr suv yetkazib berilgan.

Rialto ko‘prigi. Venetsiya, Italiya

Venetsiyani ko‘p sonli ko‘priklarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki bu shahar butunlay suv ustida qurilgan. Ushbu aholisi zich joylashgan shahar bo‘ylab avtomobillar o‘rniga “gondol qayiqlari” harakatlanadi, ular yordamida siz ko‘prik inshootlari va umuman shahardagi barcha binolarning ajoyib arxitekturasidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Rialto ko‘prigini o‘z-o‘zidan o‘tkazib yuborib yoki shunchaki e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bu qurilmaning o‘ziga xos va betakror me’morchiligidan hayratda qolasiz va u xotirangizda abadiy muhrlanadi.

Bruklin ko‘prigi. Nyu-York, AQSh

Nyu-York hech qachon sayyohlarni hayratda qoldirishdan to‘xtamaydi. Ko‘p sonli osmono‘par binolariga qo‘shimcha ravishda shahar butun dunyoda o‘zining ko‘prigi bilan ham mashhur. Ko‘prik Jon Ryobling tomonidan ishlab chiqilgan, bu Amerikadagi eng qadimgi osma ko‘priklaridan biridir. U Bruklin va Manxettenni bog‘laydi va ko‘plab Gollivud filmlari tufayli butun shaharning ramziga aylangan. Afsuski, yaratuvchisi uning qurilishi tugashidan oldin vafot etdi va ko‘prik 1883 yil 24 mayda ochilgan. Qurilish jarayonini uning o‘g‘li davom ettirgan.

Oltin darvoza ko‘prigi. San-Fransisko, AQSh

San-Fransiskodagi bu ko‘prik ham ochilish chog‘idanoq (1937 yil, 27 may) shahar ramziga aylangan. Oltin darvoza ko‘prigi butun dunyodagi fotosuratchilarni o‘ziga jalb qiladi. Qizg‘ish rangi tufayli uni osongina tanib olish mumkin. Uzunligi 2737 metr, strukturaviy og‘irligi 8,904 ming 500 tonnani tashkil qiladigan bu ko‘prik dengizdan 60 metr balandlikda joylashgan.

***

Bu ko‘priklar albatta dunyoda joylashgan barcha qurilmalarning to‘liq ro‘yxati emas. Dunyoda aytib o‘tishga arziydigan yana ko‘plab ajoyib ko‘priklar mavjud. Keyingi maqolalarimizda boshqa aql bovar qilmaydigan darajadagi go‘zal arxitektura inshootlari haqida yozamiz.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.