Sirli vasiyatnomalar

Vasiyatnomalar bir necha, jumladan, butun bir kitobgacha bo‘lishi mumkin. Taniqli davlat va jamoat arbobi, qulchilikka qarshi kurashchi, amerikalik Tomas Jefferson qoldirgan vasiyatnoma eng uzun hujjat hisoblanadi.
Uning vasiyatini o‘qib chiqishga advokatlar oz emas-ko‘p emas, naqd bir kun vaqt sarflashgan.
Tarixda o‘ta qisqa vasiyatnomalar ham uchraydi. Masalan, britaniyalik bir bankchi vasiyati atiga uch so‘zdan iborat: “Men butunlay xonavayronman”.
1913 yilda Pin shahar boshlig‘i Dimich vafoti oldidan shahar boshqarmasiga ikki yil teginmaslik sharti bilan 5 ming rublni vasiyat qilib qoldirgan.
Mashhur milliarder Mishel Rotshild qoldirgan hujjat dunyoda eng sirli hisoblanadi: “Merosimni hisoblash va boyligimni oshkor qilishga har qanday sud aralashuvini qat’iyan man qilaman”. Shu bois Rotshildlar sulolasi boyligi qanchaligini hozirgacha ham hech kim bilmaydi.
***
Maftunkor yog‘du
Laplandiya Finlandiyada ertaksimon joy, bahor, yoz, kuz qishdan tashqari bu yerda doimo maftunkor manzara hukmron. Ya’ni, qutb tuni go‘zallik shaydolarini o‘ziga chorlaydi.
Quyosh ufqdan baland ko‘tarilmaydi. Xuddi tong yorishayotgandek uning yog‘dusi ufqni egallab oladi va uzoq davom etadi. Osmonni qoplagan zarrin yog‘du sizni sirli ertaklar olamiga yetaklaydi. Qutbda Shimol yog‘dusi deb ataladigan bu tabiat hodisasi kishini maftun etadi. Hodisa mahalliy aholi o‘rtasida afsonaga aylangan.
Rivoyat qilishlaricha, qor tinib quyosh nur socha boshlaganda inidan chiqqan tulki go‘zal dumini silkib raqsga tushar emish. Uning chiroyli dumi mayin qor zarralarini tuzg‘itib atrofga sochadi. Qor zarralari esa quyosh nurida tovlanib osmonga yog‘du taratadi.
T.Shomurodov tayyorladi.