Misr ehromlari haqida bugungacha ma’lum bo‘lgan qiziqarli faktlar

Qadimgi Misr piramidalari kabi ulug‘vor joylar dunyoning turli burchaklaridan kelgan olimlar, sayohatchilar va sayyohlarning e’tiborini tortib keladi. Olimlar qadimgi misrliklar qanday qilib zamonaviy texnologiyalarsiz bunday yirik inshootlarni qurishga muvaffaq bo‘lganligi haqida bahslashib kelishadi.

Fir’avn Xeops tomonidan miloddan avvalgi 2560-2540 yillarda qurilgan eng qadimgi va eng katta Giza Buyuk ehromining balandligi dastlab 146,5 metr, hajmi esa 2,5 million kub metrdan ortiq edi. Ushbu piramidaning qurilishi taxminan 20 yillik uzluksiz mehnat va 100 mingdan ortiq kishining ishtirokini talab qilgan.

Ehromlar tashqi tomondan silliq, mukammal ohaktosh bloklari bilan qoplangan. Vaqt o‘tishi bilan ushbu qoplamaning ko‘p qismi o‘chirilib, bugungi kunda uning asosidagi qo‘pol ishlangan ohaktoshlar ko‘rinib turadi.

Ehromlarning ichki qismlari, masalan, dafn etish xonalari va koridorlari silliq, sayqallangan ohaktosh bilan qoplangan. Ba’zi devorlar bo‘rtma tasvirlar va iyeroglif yozuvlari bilan bezatilgan.

Olimlar qadimgi misrliklar og‘irligi 15 tonnagacha bo‘lgan ulkan tosh bo‘laklarini qanday tayyorlagani va tashigani haqida haligacha bosh qotirmoqda. Ehtimol, ular oddiy, ammo samarali vositalar - odamlar va ot-ulov kuchini ishlatishgandir.

Asosiy dafn xonasidan tashqari, piramidalar ichida aniq maqsadi to‘liq tushunilmagan murakkab labirintli yo‘laklar, qo‘shimcha xonalar va shaxta (quduqsimon bo‘shliq)lar mavjud.

Giza buyuk piramidasi qadimgi dunyo mo‘’jizasining hozirgi kungacha deyarli o‘zgarmagan holda saqlanib qolingan yagona mo‘’jizadir. Uning qirralari dunyoning to‘rt tomoniga deyarli mukammal yo‘naltirilgan.

Ehromlar ichidan hech qanday xazina yoki artefaktlar topilmagan. Bu esa fir’avnlarning boylik bilan to‘ldirilgan ulkan qabrlari haqidagi mashhur fikrlarni istisno etadi.

Zamonaviy olimlar ichki qismdagi tovushlar o‘zini juda g‘alati tutib, "mistik ovozlar" effektini yaratishi tufayli Misr ehromlari nihoyatda ajoyib akustik xususiyatlarga ega ekanligini aniqlashdi.

Shuningdek, olimlar,  maxsus chastotali elektromagnit to‘lqinlarni yaratish va chiqarishga qodir ehromlardan ulkan radio uzatuvchi qurilmalar sifatida foydalanishi mumkinligi haqida gapiradi.

Qadimgi sivilizatsiyaning bu noyob yodgorliklari hanuzgacha ko‘plab sir asrorlarni saqlab keladi. Ularning to‘liq tarixi va maqsadini ochib berish, shubhasiz, buyuk Misr madaniyatining yuksalishi va qulashi tarixini yaxshiroq tushunish imkonini beradi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.