Oqdaryo ustidan ikki tumanni bog‘lab turadigan ko‘prik qurilmoqda

Payariq tumanining Olmazor hamda Oqdaryo tumanining O‘zbekiston mahallalari o‘rtasidagi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan ko‘prik qaytadan qurila boshlandi.

Oqdaryo daryosi ustidan qurilgan bu ko‘prik 2012 yilda suv toshqini tufayli buzilgandi. Oqibatda bu yerlik aholi 15 kilometr o‘rniga 45 kilometr yo‘l bosib, manzilga borishga majbur bo‘lgandi. O‘tgan yili faqatgina piyodalar o‘tib qaytishlari uchun temir osma ko‘prik o‘rnatildi.

Bir hafta avval «Samarqand ko‘priklardan foydalanish» unitar korxonasi ishchilari tomonidan ko‘prikni qurish ishlari boshlandi. Ayni paytda korxonaning 20 nafar ishchi-mutaxassislari 10 turdagi zamonaviy texnikalar bilan dastlabki ishlarni amalga oshirmoqda.

- 4 milliard so‘m sarflanishi rejalashtirilgan mazkur ko‘prikning uzunligi 42,5 metr, eni 10 metrni tashkil etadi, - deydi korxona rahbari Ahad O‘roqov. – Shuningdek, ikki yonida piyodalar yo‘lakchasi ham barpo etiladi. Ikki tomondan ham yo‘l asfalt qilinib, barcha turdagi transport vositalari bemalol harakat qiladi.

Dilmurod To‘xtayev.