Koreya Respublikasi Prezidentining tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In 18-21 aprel kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Avval xabar qilinganidek, Koreya Respublikasi Prezidenti 18 aprel kuni Toshkentdagi Inha universitetida O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligida amalga oshirilayotgan telemeditsina loyihasining taqdimot marosimida ishtirok etdi.
Tashrifning asosiy voqealari 19 aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlari o‘zaro hamkorlik tarixida mutlaqo yangi bosqichga – alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Tashrif doirasida umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, mamlakatimiz parlamenti a’zolari oldida nutq so‘zladi.
Oliy martabali mehmon Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In "O‘zekspomarkaz"da tashkil etilgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ushbu tashrif sharafiga “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida o‘zbek va koreys san’at ustalarining konsert dasturi tashkil etildi. Davlat rahbarlari unda rafiqalari bilan birga ishtirok etdi.
20 aprel kuni Toshkent shahrida Koreys madaniyati va san’ati uyining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birga ushbu do‘stlik va madaniyat saroyini ochdi.
Mun Chje In shu kuni Samarqand shahriga keldi. Prezidentlar rafiqalari hamrohligida Samarqanddagi tarixiy obidalarni tomosha qildi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bugun mamlakatimizga tashrifini yakunlab, Samarqand shahridan jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasining rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi.
G‘olib Hasanov.