Samarqand yanada obod va ko‘rkam maskanga aylanadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2019 yil yanvar va iyul oylarida Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan edi.
Tashriflar chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish hamda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi. Shu asosida dasturlar va ularni amalga oshirish yo‘l xaritalari tasdiqlanib, hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘tgan yil boshlangan pandemiya sababli ayrim loyihalarni amalga oshirish, qurilish-bunyodkorlik ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli belgilangan reja va dasturlar o‘z vaqtida amalga oshirildi.
Jumladan, iqtisodiyot tarmoqlari uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatdagi 19,5 mingta yakka tartibdagi tadbirkor va 37 mingta mikrofirma va kichik korxonalarga 272 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi. 265 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning 7,8 milliard so‘m soliq to‘lov muddati kechiktirildi, 3360 ta korxonaning 1,4 milliard so‘m soliq qarzi va penyasi hisobdan chiqarildi. Shu bilan bir qatorda 1540 ta kichik tadbirkorlik sub’yektlari 7,1 milliard so‘mlik mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etildi. Bu imkoniyatlar natijasida yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmi 42,1 trillion so‘mga yetdi yoki 2019 yilga nisbatan 1,9 foizga o‘sdi.
Joriy yilning birinchi choragida esa viloyatda qiymati 580,3 milliard so‘mlik 100 ta loyihani ishga tushirish belgilangani holda, amalda qiymati 832,1 milliard so‘mlik 248 ta loyiha ishga tushirilib, 1808 ta ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoatda 55 ta, xizmatlar sohasida 114 ta, qishloq xo‘jaligida 79 ta loyiha amalga oshirildi.
Misol uchun, Samarqand shahrida “Family Park” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 57,5 milliard so‘mlik zamonaviy savdo kompleksi, muz saroyi va ko‘ngilochar maskan tashkil etildi. Kattaqo‘rg‘on tumanida esa “Samarqand Qulupnay Inpex” MChJ tomonidan qiymati 7,2 milliard so‘m bo‘lgan qulupnaychilik xo‘jaligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatini yanada oshirish, turistlar uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratish masalasi davlatimiz rahbarining ikki yil oldingi tashriflarida asosiy masala sifatida o‘rtaga tashlangan edi.
Belgilab berilgan vazifalar va topshiriqlar asosida 2020 yil va joriy yilning uch oyida umumiy qiymati 306 milliard so‘m bo‘lgan 74 ta loyiha amalga oshirildi. Jumladan, 1481 o‘rindan iborat 30 ta mehmonxona, 39 ta mehmon uylari ochildi. 25 ta turoperatorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi mehmonlarni joylashtirish vositalari soni 374 taga, ulardagi o‘rinlar esa 11 145 taga yetkazildi. Samarqand shahrida ilk bor gastronomik ko‘cha tashkil etildi. Samarqand tumanining Konigil qishlog‘ida yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i tashkil etildi.
Samarqand eshkak eshish kanali atrofida esa o‘ndan ortiq yirik inshootlar – anjumanlar saroyi, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan dam olish, ko‘ngilochar maskanlarini o‘zi ichiga olgan turistik markaz qurilishi davom etmoqda. Viloyatning havo darvozasi – Samarqand xalqaro aeroporti zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashriflari chog‘ida Samarqand shahri aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji yil sayin oshib borayotganini inobatga olib, Samarqand tumani Qorasuv massividan 60 gektar yer ajratilib, bu yerda ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari qurish topishirig‘ini bergan va bu boradagi ishlar boshlangan edi.
2018 yildan buyon mazkur hududda 100 dan ortiq ko‘p qavatli uy, shunga yarasha ijtimoiy soha ob’yektlari qurildi. Uchta yangi mahalla tashkil etildi. Zamonaviy uysozlik sohasida katta tajriba to‘plagan “Agromir bildings” korxonasi tomonidan shu paytgacha 3890 kvartirali 52 ta ko‘p qavatli turar-joylar foydalanishga topshirildi. 12, 14, 15 va 16 qavatli bu uylar aholiga subsidiya asosida berilmoqda. Ayni paytda ham hududda bunday zamonaviy uylar qurilishi davom etmoqda. Yaqin yillarda mazkur hududni 100 ming aholili shaharchaga aylantirish ko‘zda tutilgan. Birgina mazkur hududda emas, o‘tgan yil Toyloq va Urgut tumanlarida ham o‘ndan ortiq ana shunday ko‘p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi.Bu yil esa Kattaqo‘rg‘on shahrida shunday uy-joylar buyond etilmoqda.
Bundan tashqari, ayni paytda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va uning atrofida, Samarqand shahrining bir qator markaziy ko‘chalarida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyatning bir qator tuman va shaharlari markazlari, qishloq va mahallalar ham bugun ulkan qurilish maydonlariga aylangan.
Bu sa’y-harakatlarning barchasi dunyoga mashhur Samarqandni yanada obod va ko‘rkam maskanga, jahon turizmining markazlaridan biriga aylantirishga, tadbirkor va shijoatli samarqandliklarning turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
G‘olib Hasanov,
Alisher Isroilov suratlari.