Koronavirusning zaif nuqtasi ma’lum bo‘ldi
AQSh va polshalik olimlar guruhi SARS-CoV-2ning yangi dori vositalari nishoniga aylanishi mumkin bo‘lgan zaif nuqtasini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, koronavirus “molekulyar qaychilar”, deb nomlanuvchi fermentlardan foydalanar ekan. Ularsiz virus ko‘payish va immun tizimi javobi uchun muhim bo‘lgan oqsillarni o‘chirib qo‘yish imkoniyatini yo‘qotadi. Bu haqda 19 oktyabr kuni Lenta.ru nashri Science Advances jurnalida chop etilgan ilmiy maqolaga tayanib xabar berdi.
“Molekulyar qaychilar” - bu SARS-CoV-2-PLpro fermenti bo‘lib, virus ko‘payishi uchun zarur bo‘lgan oqsillar faoliyatini rag‘batlantiradi. Shuningdek, immunitet tizimini faollashtirish uchun signal vazifasini o‘taydigan sitokinlar va ximokinlar kabi hujayralarni nobud qiladi.
Tadqiqotchilar SARS-CoV-2-Plpro‘ni ikki yo‘l bilan - VIR250 va VIR251 ingibitorlari yordamida to‘xtatish mumkinligi aniqlashdi. Ushbu birikmalar faqat koronavirus oqsillarini taniydi va inson tanasidagi boshqa shunga o‘xshash oqsillarga javob bermaydi.