JSST: “Omikron” 38 ta mamlakatga yetib bordi, o‘lim holati kuzatilmadi

Koronavirusning yangi shtammi dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalyapti. JSSTning ma’lum qilishicha, hozirgacha “omikron” 38 ta mamlakatda qayd etildi.

Bu ro‘yxatning so‘nggi pog‘onalarida Argentina ham bor. Yangi shtamm 30 noyabr kuni Janubiy Afrika Respublikasidan AQSh orqali mamlakatga qaytgan fuqaroda aniqlangan.

U jo‘nashidan oldin ham, yetib kelgach ham COVID-19ga test topshirgan. Natijalar “salbiy” chiqqaniga qaramay, u karantinga olingan. Biroq kuni kecha o‘tkazilgan takroriy tekshiruvlar “ijobiy” natijani ko‘rsatdi.

Argentina Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sayohatchi avvalroq koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Shu sababli unda hozir kasallik belgilari yo‘q.

Koronavirusning yangi mutatsiyasi Tunisda aniqlanganidan ko‘p o‘tmay, Ruminiyada ham dastlabki ikkita holat ro‘yxatga olindi.

“Omikron” xuddi “delta” shtammi kabi bolalar salomatligiga ham xavf solishi mumkinligi barchada jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda. Chunki Kanadaning Ontario provinsiyasida 12 yoshli bolada ushbu virus turi qayd etildi.

Pandemiya davrida kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori o‘rinni band etib kelayotgan AQSh ham yangi shtammga qarshi jiddiy kurashishiga to‘g‘ri keladi. Negaki, shu kungacha mamlakatning 15 ga yaqin shtatida “omikron” varianti ro‘yxatga olindi.

Rossiyada esa ilk shubhali holatlar hali o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q. Uch kun avvval Janubiy Afrikadan shaxsiy aviareys orqali qaytgan ikki yo‘lovchida COVID-19 aniqlangan bo‘lsa-da, bu virus turi qaysi shtammga mansubligi tekshirilyapti.

JSSTning sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayanning bayonot berishicha, “omikron” yuqishi oqibatida hali birorta o‘lim holati kuzatilmadi. Yangi shtammning yuqumlilik darajasi va asoratlarini o‘rganish va aniqlash uchun yana bir necha hafta kerak bo‘ladi.

Shuningdek, JSST “omikron” boshqa shtammlarni siqib chiqarishi mumkinligini istisno etmayapti. Bu holat yuz bersa, Yevropada koronavirusga chalingan bemorlarning yarmi ushbu variant bilan kasallanadi.

Shunga qaramay, mazkur tashkilot eksperti Mariya van Kerkxove dastlabki kuzatishlari natijasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, “omikron” shtammini yuqtirganlarda kasallik nisbatan yengilroq o‘tmoqda. Ammo yakuniy xulosalar chiqarishga hali erta.

Muhimi, amaldagi vaksinalar ushbu shtammga qarshi ham samara berishi mumkin. Buni yangi shtamm o‘chog‘i bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri ham tasdiqladi.

Uning qayd etishicha, koronavirusga qarshi emlangan odamlarda xastalik yengil o‘tadi. Biroq vaksina olmaganlarning qariyb barchasi kasalxonalarga yotqizilishi mumkin.