Bizni kuzating

Korrupsiyaga qarshi kurash qog‘ozdagi hisobotlar bilan emas, hayotdagi o‘zgarishlar, aniq natijalar bilan o‘lchanadi

Viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash a’zolari, viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika ishchi guruhining Samarqand viloyatida o‘tkazgan o‘rganishlari natijalari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy omillarning oldini olishga qaratilgan dolzarb chora-tadbirlar bo‘yicha ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi» ijrosi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda viloyatda korrupsiyaning oldini olish, sohalar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Viloyat prokurori o‘rinbosari Uchqun Butunovning qayd etishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida viloyatda korrupsiya holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 taga kamaygan. Bozorlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish hisobiga tushumlar avvalgi yillarga nisbatan 5,8 milliard so‘mga oshgan. Ayrim sohalar xodimlarining bodi-kameralar bilan ta’minlanishi xizmat faoliyatida shaffoflikni kuchaytirib, korrupsiyaviy holatlarning sezilarli kamayishiga xizmat qilgan.

Biroq ba’zi yo‘nalishlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va tizimli muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Jumladan, bozorlarda raqamlashtirish ishlari respublikada birinchilardan bo‘lib joriy etilgan bo‘lsa-da, patta yig‘ish, avtomobil to‘xtash joylaridan foydalanish va to‘lovlarni undirish jarayonlarida hanuzgacha qonunga zid holatlarga duch kelinmoqda. Shuningdek, joylarda soliq va byudjet tushumlarini ta’minlashdagi muammolar, avtomobil jarima maydonchalari faoliyatidagi kamchiliklar, tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish ishlarining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, maktablarni videokuzatuv kameralari bilan ta’minlash borasidagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Muhokamalar davomida viloyat bozorlar uyushmasi, soliq organlari, viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari mas’ullari aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi yuzasidan axborot berdi. Shuningdek, mavjud muammolarni yechish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash va har bir sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mas’ul tashkilotlar faoliyatida shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish hamda «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilab olindi.