Mahalla xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi boshlandi

Camarqand viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursida 2019-2020 o‘quv yili mashg‘ulotlar boshlandi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi tavsiya etgan ro‘yxat asosida qabul qilingan tinglovchilarga 22 nafar amaliyotchi mutaxassis va professor-o‘qituvchilar dars bermoqda.

- O‘quv rejasiga ko‘ra 4 yo‘nalish, 34 mavzu bo‘yicha tarqatma material va taqdimot-slaydlari tayyorlandi, - deydi o‘quv markazi direktori T.Ergashev. – Mashg‘ulotlar kichik guruhlarda, boshqaruv idoralari rahbar xodimlari, deputatlar, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan zamonaviy pedagogika va trening texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Buning uchun 2 ta o‘quv xonasi zamonaviy o‘quv jihozlari - flepchart doskalar, televizor va kompyuterlar bilan jihozlangan.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirishning tashkiliy tuzilmasi va tizimi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan o‘quv dasturlarida nazarda tutilgan barcha talablarni bajargan tinglovchilar yakuniy sinov imtihoni topshiradi.

Tinglovchilarga amaliyotchi mutaxascis va professor-o‘qituvchilarning dars taqdimotlari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari elektron shaklda tarqatilmoqda. Ular shuningdek, darsdan tashqari vaqtlarda axborot-resurs markazidan mahalla faoliyatiga doir zarur adabiyotlar, tarqatma materiallar, gazeta va jurnallardan foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘quv kurslari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. www.sammok.uz rasmiy veb-sayti hamda telegramm messenjerida “Mahalla o‘quv kursi” kanalida o‘quv mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi bo‘yicha kundalik yangilik va fotolavhalar berib borilmoqda.