Mahalla raisligiga nomzodlar tegishli tartibda shakllantirildi

Ayni kunlarda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Senat tomonidan mazkur jarayon e’lon qilingach, viloyatda ham ko‘maklashuvchi komissiya tarkibi tasdiqlanib, a’zolari hududlarga biriktirilgan edi.

O‘z navbatida shahar va tumanlarda ham jarayonni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzilib, ularning vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahallalarga biriktirilgan. Ishchi guruhlar shakllantirilib, saylov jarayonlari bilan bog‘liq boshqa ishlar olib borilgan.

- Qonunchilikka ko‘ra, har bir mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga muqobillik asosida 2 va undan ortiq nomzod ko‘rsatiladi, - deydi viloyatda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi o‘rinbosari, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov.

- Shu kungacha viloyatdagi 1126 mahallada tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan fuqarolar fikrlari inobatga olingan holda 2 nafardan 5 nafargacha jami 4302 nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazildi. Ularning 2252 nafari (52,3 foiz) mahalla raisligiga o‘tkaziladigan saylovda ishtirok etishga munosib, deb topilgan. 2050 nafar nomzod esa yetarli darajada bilimga ega emasligi sababli saylovda ishtirok etmasliklari tushuntirilib, rad etilgan.

Tanlab olingan 2252 nafar nomzodning 499 nafari (22,1 foizi) amaldagi raislar, 1753 nafari (77,8 foizi) birinchi marta nomzodi qo‘yilganlarni tashkil etadi. Shuningdek, 495 nafari 40 yoshgacha, 744 nafari 40-50 yoshli, 909 nafari 50-60 yoshli, 104 nafari esa 60 yoshdan yuqori.

Mahalla raisligiga nomzodlarning 2221 nafari (98,6 foizi) oliy ma’lumotli. Jumladan, 102 nafari huquqshunos, 746 nafari o‘qituvchi, 57 nafari shifokor, 473 nafari iqtisodchi va muhandis, 218 nafari agronom, 656 nafari boshqa kasb egalari hisoblanadi.

Ayni kunda ishlab turgan tajribali faol va fidoyi 31 nafar o‘rta maxsus ma’lumotga ega mahalla raislarining nomzodi ham ko‘rsatilgan.

Darvoqe, mahalla raisligiga nomzodlarning 291 nafari (13 foizi) ayol kishilar.

Qonunchilikda saylovni o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingandan 2 oy o‘tib saylov boshlanishi belgilangan. Shunga ko‘ra, 16 mart kuni Oliy Majlis Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lsa, demak, 16 maydan saylovni boshlashga ruxsat beriladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, mazkur saylovda fuqarolarning vakillari, ya’ni mahalladagi saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizi ovoz beradi. Demak, o‘rtacha har 100 saylovchi nomidan 12 vakil saylovda ishtirok etadi.

Belgilangan kunda dastlab, nomzodlarning hisobotlari - mahalla uchun nima qilib bera oladi, qanday ishlarni amalga oshirishi tinglanadi. Shundan so‘ng vakillar, byulletenni to‘ldirib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz beradi. 

Eslatib o‘tamiz, byulletenlar saylov tashkil qilingan joyning o‘zida – vakillar ko‘z o‘ngida sanaladi va natijalar e’lon qilinadi. Agar nomzodlarning birontasi 50 foiz ovoz to‘play olmasa, qayta ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.

Yo.Marqayev.