Narimon Umarov: Saylovlar ochiq, shaffof tarzda o‘tkazilishi mahallada muammolar kamayishini ta’minlaydi
Oqdaryo tumani "Go‘zalkent" mahalla fuqarolar yig‘inida 4584 nafar aholi istiqomat qiladi. Bugun hudud istiqboli uchun muhim bo‘lgan paytda mahallaning har bir a’zosi bu jarayonga befarq qarab turmadi.
Mahalla raisi saylovida saylovchilar nomidan 391 nafar vakillar qatnashdi. Avval mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga nomzodlar - Himmatjon Otamurodov va Husniddin Xudoyberdiyev saylovchilarni o‘zlarining saylovoldi dasturlari bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng ovoz berish jarayoni boshlandi.
Mazkur mahalla raisi saylovida saylov jarayonlarini bevosita kuzatish maqsadida viloyatimizda bo‘lib turgan Respublika ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari ishtirok etdi. Unda Oliy Majlis Senati Qo‘mita raisi Narimon Umarov aholi o‘z hududida saylanadigan munosib nomzodga ovoz berayotganini, saylovlar ochiq va shaffof o‘tayotgani, bu esa mahallada muammolar kamayishini ta’minlashini, xususan, "Go‘zalkent" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan saylov buning namunasi ekanini ta’kidladi.
Saylov natijalariga ko‘ra, 75 foiz saylovchilar ovozini olgan Husniddin Xudoyberdiyev "Go‘zalkent" mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga saylandi.