Ovoz berishning ham o‘z tartibi bor yoki saylov natijalari qachon va kim tomonidan e’lon qilinishini bilib oling!

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi uchun saylovda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) kun tartibiga, qoida tariqasida sanoq komissiyasini saylash hamda fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash to‘g‘risidagi masalalar kiritiladi.

Dastlab, yig‘in ish reglamenti, shu jumladan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning ma’ruzalari, ularning muhokamasi, savollar va javoblar uchun vaqt belgilanadi.

Shundan so‘ng saylov bo‘yicha ovoz berish natijalarini aniqlash uchun fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan kamida uch kishidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.

Yig‘inda raislik qiluvchi – ishchi guruh rahbari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarni e’lon qilib, ularning har biriga so‘z beradi.

Alifbo tartibida o‘tkazilgan ma’ruzalarda nomzodlar o‘zining kelgusi faoliyati dasturini e’lon qiladi.

Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.

Jarayon tugagach sanoq komissiyasi tomonidan ovoz berish uchun fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) ishtirokchilariga saylov byulletenlari beriladi.

Byulleten ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiriladi. Ovoz beruvchi byulletenning o‘ng tomonida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodning familiyasi qarshisida joylashgan bo‘sh katakka «+», «» yoxud «x» belgisini qo‘yadi va byulletenlarini saylov qutisiga tashlaydi.

Ovoz berish tugaganidan keyin sanoq komissiyasi tomonidan saylov qutilari ochiladi.

Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.

Fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) saylov yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, bu qaror fuqarolar yig‘inida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) raislik qiluvchi tomonidan o‘qib eshittiriladi.

Fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, bir nusxasi saylov yakunlarini umumlashtirish uchun tegishli tuman va shahar komissiyasiga taqdim etiladi.